Jamiyat | 14:06 / 10.12.2018
25302
2 daqiqa o‘qiladi

Bog‘chalar ish vaqtini soat 19:00 gacha uzaytirish taklif qilindi

Foto: Fotolia / dmitrimaruta

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarining ish vaqtini soat 19:00 gacha uzaytirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Bildirilishicha, bugungi kunda davlat va ayrim nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarida ish vaqti bolalarning maktabgacha ta'lim muassasalariga (MTM) qatnashida muammolarni yuzaga keltirmoqda. MTMlarda ish vaqtining kechki 17:00 gacha belgilangani sabab, ota-onalar ishdan uzilgan holda farzandlarini muassasalardan olishi yoki noilojlikdan yaqin bo‘lmagan odamlarga farzandlarini vaqtinchalik tashlab ketishga majbur bo‘lishmoqda. Bu holat ayniqsa, istiqomat qiladigan hududda qarindoshi yoki yaqin odami bo‘lmagan ota-onalar uchun murakkablik tug‘dirmoqda, deyiladi murojaatda.

“Bugungi kunda prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan MTMlar faoliyatini kengaytirish, ular uchun qo‘shimcha imtiyozlar va preferensiyalar yaratish bo‘yicha bir qator qarorlar qabul qilinib, tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Shundan kelib chiqib, mazkur masalani MTMlarda mavjud kadrlarning ish vaqtlarini qayta taqsimlash yo‘li bilan yoki navbatchi xodimlarni biriktirgan holda hal etish maqsadga muvofiq”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ota-onalar kunini belgilash taklifi berilgandi.

Mavzuga oid