O‘zbekiston | 14:00 / 10.12.2018
2453
3 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va Belarus Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining o‘zaro hamkorligi dadil odimlamoqda

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 2018 yil 12-14 sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasiga qilgan davlat tashrifidan so‘ng Belarus Respublikasining bir qator oliy ta'lim muassasalari bilan respublikamizning yetakchi oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Toshkent davlat texnika universiteti Belarus davlat texnologiyalar universiteteti bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan edi. Ushbu hamkorlik shartnomasiga muvofiq 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Belarus davlat texnologiyalar universiteteti bilan hamkorlikda 3 ta ta'lim (Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish; Informatika va axborot texnologiyalari; Biotexnologiya) yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta'lim dasturi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Universitet rektori professor S.M.Turabdjanov 2018 yilning 3-6 dekabr kunlari Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri professor I.U.Madjidov boshchiligidagi delegatsiya bilan Belarus Respublikasida bo‘lib, bir necha oliy ta'lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik ishlarini amalga oshirib qaytdi. Jumladan, Belarus Milliy texnika universiteti bilan hamkorlikda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab 4 ta (Materiallarga qayta ishlov berish mashinalari va texnologiyalari; Avtomobil transporti (avtomobillarni ekspluatatsiya qilish va xizmat ko‘rsatish); Mashinasozlik ishlab chiqarishining texnologik jihozlari; Metrologiya, standartlashtirish va sertifikatlashtirish) bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va 4 ta (Transport; Energetika; Energetik tizimlar va majmualar; Mashinasozlikda konstruktsion materiallarni qayta ishlash) magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta'lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi. Imzolangan «Yo‘l xaritasi» doirasida Belarus Milliy texnika universiteti bilan hamkorlikda Toshkent davlat texnika universitetida 2019 yilda ilmiy-texnologik texnopark tashkil etilishi belgilandi. Bu esa respublikamiz iqtisodiyotining real sektorlari uchun talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga zamin yaratadi.

Bundan tashqari Belarus Milliy texnika universiteti bilan hamkorlikda Toshkent davlat texnika universiteti bazasida 2019 yilda amaliy texnik kvalifikatsiyalar bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi O‘zbek-Belarus qo‘shma tarmoqlararo institut ochiladi. Mazkur institutga o‘zbekistonlik yoshlarni ko‘proq qamrab olish hamda yurtimizda nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasasi salohiyati va tajribasidan unumli foydalangan holda qator amaliy ishlar olib borilishi ko‘zda tutilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid