10 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisining kun tartibiga bir qator qonun loyihalari kiritilgan bo‘lsa-da, lekin yig‘ilish avvalida asosiy bahs-munozaralar 2019 yilga mo‘ljallangan byudjyet-soliq siyosati Kontseptsiyasi ustida kechishi ayon bo‘ldi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

An'anaga ko‘ra, majlis arafasida kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig‘ilishlarida dastlabki tarzda muhokama qilinganda ham deputatlar “2019 yilga byudjyet-soliq siyosati Kontseptsiyasi va 2020–2021 yillarga prognoz mo‘ljallari qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi xususida qator o‘rinli e'tirozlarini bildirdilar.

Mazkur loyiha 2019 yilgi byudjyet va soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari Kontseptsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, Byudjyet kodeksi, Soliq kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutadi.

Qonun loyihasi 2019 reja yiliga byudjyet siyosati Kontseptsiyasi va 2020–2021 yillar prognoz mo‘ljallarini amalga oshirish maqsadida qonunchilikdagi ayrim normalarning aniq qo‘llanilishi, byudjyetlararo munosabatlar va soliqqa tortish sohasidagi alohida masalalarini tartibga solishning zarur huquqiy sharoitlarini yaratishi lozim edi.

Biroq ushbu qonun loyihasi parlament quyi palatasining qo‘mitalari, fraksiyalarida bo‘lib o‘tgan muhokamalarda deputatlarning bir qator savol va e'tirozlarini keltirib chiqardi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Reglamentiga ko‘ra, Byudjyetnoma tasdiqlangandan keyin u bilan bog‘liq bo‘lgan byudjyet-soliq siyosati haqidagi qonun loyihasi Hukumat tomonidan parlament quyi palatasiga kiritilishi, palata qo‘mitalari hamda fraksiyalarida keng muhokama etilishi va qabul qilingach, 10 kun ichida Senatga yuborilishi kerak. Deputatlar majlisda, avvalo, Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur o‘ta murakkab va muhim qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga juda kechiktirib kiritilganiga e'tiroz bildirdilar.

Prezident qabul qilinayotgan qonunlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, unda havolaki normalar mutlaqo bo‘lmasligi lozimligi haqida bot-bot takrorlab kelayotgan bir paytda mazkur qonun loyihasida ko‘plab havolaki normaning mavjudligi deputatlarning e'tiroziga sabab bo‘ldi.