O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
Hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 3 iyuldagi PQ–3832-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish sohasida vakolatli organ etib belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilingani qayd etib o‘tilgan.
Farmonga ko‘ra, 2019 yil 1 mayga qadar “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladi. Loyiha quyidagilarni nazarda tutadi:
- elektron hukumatning davlat, aholi va biznesning samarali o‘zaro hamkorligini, shuningdek, jahonning raqamli makoniga integratsiyalashuvini ta'minlash bo‘yicha yagona milliy tizim sifatidagi maqsadli ahamiyatini belgilash;
- “Elektron hukumat” tizimining tarkibi va tuzilmasini, uni yaratish shartlari va arxitekturasining kontseptual asoslarini, jumladan, tashkiliy, funksional, texnik tuzilmasini, shuningdek, asosiy raqamli aktivlar ro‘yxatini aniq belgilash;
- elektron hukumatni yaratishning asosiy prinsiplari va funksional vazifalarini, elektron hukumat imkoniyatlaridan foydalangan holda raqamli transformatsiyaga erishishning aniq ko‘rsatkich va indikatorlarini belgilash;
- elektron hukumatni yaratishning huquqiy va tashkiliy-texnik choralarini, jumladan, raqamli transformatsiya jarayonlarini tadqiq etish metodologiyasiga, ularning o‘zaro muvofiqligiga, axborot sohasida birgalikdagi hamkorlik, ma'lumotlar almashish protokollari va formatining o‘zaro mosligiga doir talablarni belgilash;
- shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish bo‘yicha talablarni hisobga olgan holda axborotni yig‘ish, qayta ishlash, to‘plash, saqlash va uzatishda axborot xavfsizligini ta'minlash;
- “Elektron hukumat” tizimini yaratish va joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish mexanizmlari va bosqichlarini nazarda tutish;
- “Elektron hukumat” tizimini joriy etishda uning samaradorligi va shaffofligini oshirishni ta'minlaydigan, jumladan, loyihalar bo‘yicha yagona milliy distribyutorni tashkil etish orqali yaxlit jarayonni barpo etish;
- Agentlik negizida boshlang‘ich loyiha sifatida elektron raqamli imzo infratuzilmasining namunaviy elementini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish.







