Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga muvofiq kadrlar tayyorlashning mazmunini tubdan takomillashtirish, xalqaro standartlar darajasida oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlashga zarur shart-sharoitlar yaratish hamda oliy ta'lim muassasalari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash jarayonlarini muvofiqlashtirish maqsadida Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, oliy ta'lim uzluksiz ta'lim tizimining mustaqil turi bo‘lib, oliy ta'lim muassasalarida umumiy o‘rta (11 sinf) va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi amalga oshiriladi.

Oliy ta'lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

oliy ta'limni iqtisodiyotning tarmoq va sohalari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilganligi;

ta'lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;

oliy ta'limni umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limlar bilan uzluksizligi va uzviyligi;

ta'lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;

davlat ta'lim standartlari doirasida ta'lim olishning hamma uchun ochiqligi;

ta'lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;

bilimli bo‘lishni va iste'dodni rag‘batlantirish;

oliy ta'lim tizimida davlat va jamiyat boshqaruvini uyg‘unlashtirish;

oliy ta'lim, fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash.

Mamlakatning istiqbolini hisobga olgan holda zamon talablariga javob bera oladigan malakali, raqobatbardosh, yuksak bilimli, respublikaning ilm-fan, madaniyat, iqtisod, ijtimoiy sohalarini rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shadigan, mustaqil fikrlay oladigan, yuksak ma'naviyatga ega bo‘lgan yuqori salohiyatli mutaxassislarni tayyorlashdan oliy ta'limning asosiy maqsadi hisoblanadi.