Sport | 09:02 / 14.12.2018
9102
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ligasida pley-offning barcha ishtirokchilari ma'lum: ustunlik hamon ispanlarda

Yevropa Ligasining guruh bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Kecha keyingi bosqichda kurashni davom ettiradigan 11ta jamoa nomi ma'lum bo‘ldi.

6-tur natijalariga ko‘ra yana 11 klub pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi: «Vilyarreal», «Sevilya», «Krasnodar», BATE, «Renn», «Malme», «Rapid», «Olimpiakos», «Seltik», «Slaviya», «Genk».

Ushbu 13ta klub muddatidan oldin minimum vazifani uddalab bo‘lgan edi: «Arsenal», «Ayntraxt», «Dinamo» Zagreb, «Dinamo» Kiyev, «Red Bull Zaltsburg», «Zenit», «Chelsi», «Latsio», «Sporting», «Fenerbaxche», «Bayyer», «Betis», «Tsyurix».

Chempionlar Ligasida guruh bosqichini uchinchi o‘rinda yakunlagan jamoalar endilikda Yevropa Ligasi sovrini uchun kurashga qo‘shiladi: «Bryugge», «Inter», «Napoli», «Galatasaray», «Benfika», «Shaxter», «Viktoriya» va «Valensiya».

Ikkinchi darajali yevrokubok musobaqasi pley-offida Ispaniyadan 4ta klub qatnashadi, bu – boshqa ligalar bilan taqqoslaganda eng yuqori ko‘rsatkich. La Liganing uchala vakili – «Vilyarreal», «Sevilya» va «Betis» o‘z guruhlarida peshqadamga aylanishdi, «Valensiya» esa YeChLdan kelib qo‘shiladi.

Eslatib o‘tish joiz, turnirda ispan klublari barchadan ko‘p – 11 marotaba bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.

1/32 final bosqichi juftliklari 17 dekabr, dushanba kuni qur'a tashlash orqali aniqlanadi. Bosqichning ilk o‘yinlari 14 fevralda, javob uchrashuvlari esa bir haftadan so‘ng bo‘lib o‘tadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев

Mavzuga oid