2018 yilning 14 dekabr kuni Bosh prokuraturada huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ommaviy axborot vositalari, tele va radiokanallar hamda Internet axborot nashrlari vakillari uchun «Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining oshkoraligi va shaffofligi: ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish masalalari» mavzusida xalqaro seminar tashkil etildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qilmoqda.
Tadbirda Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev, Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi direktori Bobur Alixonov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori – «Xalqaro press-klub» raisi Sherzod Qudratxo‘jayev, xalqaro mehmonlar, «Mintaqaviy muloqot» XNDT huquq mutaxassisi Anna Guardino, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori loyihalar bo‘yicha katta maslahatchi Yurgen Beker, «Mintaqaviy muloqot» XNDT rahbari Myusha Sever, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.


Seminarda mamlakatimizda yuz berayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy islohotlar haqida keng jamoatchilik hamda aholini xabardor qilib borish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, davlat idoralarining ham, matbuot vositalarining ham dolzarb vazifasi ekanligi ta'kidlab o‘tildi.
Hozirgi kunga kelib har bir vazirlik, idora va boshqa davlat muassasalarida, xususan huquqni muhofaza qiluvchi organlarda matbuot xizmatlari va ularning veb-saytlari ishlamoqda. Bu, o‘z navbatida, jamoatchilikning davlat idoralari faoliyatidan to‘liq va xolis xabardor bo‘lishi bilan birga, davlat boshqaruvi samarasining darajasini belgilashga imkon bermoqda.
Shu bilan bir qatorda, xalqaro ekspert A.Guardino seminar ishtirokchilarini Amerika Qo‘shma Shtatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarining faoliyatning oshkoraligi va shaffofligini ta'minlashdagi tajribasi, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan hamkorlik qilish usullari haqida tanishtirib o‘tdi.

















