Sport | 11:50 / 16.12.2018
17725
2 daqiqa o‘qiladi

Saul Alvares uch vazn toifasida jahon chempioniga aylandi

Foto: matchroomboxing.com

Meksikalik bokschi Saul Alvares 76,2 kggacha vazn toifasida WBA versiyasi bo‘yicha jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi. Alvares Nyu-Yorkda o‘tgan 12 raundlik jangda britaniyalik Rokki Filding ustidan 3-raundda texnik nokaut bilan g‘alaba qozondi.

Shu tariqa 28 yoshli Alvares 3-vazn toifasida jahon chempioniga aylandi. U bungacha  WBC, WBA va WBO yo‘nalishlari bo‘yicha 69,9 kggacha hamda WBC va WBA yo‘nalishlari bo‘yicha 72,6 kggacha vazn toifalarida jahon chempioni bo‘lgan. Meksikalik sentabrda qozog‘istonlik Gennadiy Golovkinga qarshi o‘tkazgan jangini ochkolar bo‘yicha yutgan va 72,6 kggacha vazn toifasida WBA va WBC chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgan. Uning Golovkin bilan 2017 yilda o‘tkazgan birinchi jangi durang bilan yakunlangandi.

Endilikda Alvaresning hisobida 51 ta g‘alaba, bitta mag‘lubiyat va 2 ta durang natija bor. Fildingga qarshi jang Alvares uchun DAZN striming servisi bilan tuzgan rekord darajadagi 365 mln dollarlik shartnomasi bo‘yicha o‘tkazgan ilk jangi bo‘ldi. Kelishuv 2023 yilgacha 11 ta jangga mo‘ljallangan.

Foto: AP

31 yoshli Filding esa iyunda qo‘lga kiritgan WBA kamarini himoya qila olmadi. Endilikda uning hisobida 27 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyat bor.

Mavzuga oid