Germaniya, Fransiya va Ispaniyada tanaffus oldidan so‘nggi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi. Italiyada ham kelasi hafta ta'tilga chiqishadi. Angliyada esa, eng qizg‘in palla endi boshlanyapti. Albatta, turli kayfiyat, turli vaziyatdagi kuchli beshlik chempionatlarida kelayotgan dam olish kunlariga mo‘ljallangan e'tiborli o‘yinlar ham talaygina. An'anaviy ravishda navbatdagi anonsimizni taqdim etamiz. 

BORUSSIYa D - BORUSSIYa M (22 dekabrga o‘tar kechasi, 00:30)

Dortmudliklar o‘tgan turda kutilmaganda autsayderga imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. Bu ketma-ket muhim o‘yinlardan keyin bo‘shashish tufayli sodir bo‘lgan tasodifmi yoki birinchi yarim yilda Yevropada eng kuchli o‘yin namoyish etgan jamoalardan birida pasayish boshlanyaptimi, bu savolga ushbu uchrashuv qisman javob beradi. 

Raqib ham anoyi emas, menxengladbaxliklar turnir jadvalida Dortmund klubiga eng yaqin ta'qibchi sanaladi. Jamoa juda yaxshi formada - so‘nggi 7 o‘yinda atigi 1 mag‘lubiyat xolos. U ham bo‘lsa, ancha kuchli sanalgan «Leyptsig»dan. «Bavariya» ham yaqinlashib kelayotganini e'tiborga olsak, bu o‘yinda maydonga tushadigan har ikki jamoa ham g‘alaba uchun o‘ynashi shubhasiz. 

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, oxirgi 6 o‘yinda muntazam ravishda dortmunliklar g‘alaba qozonib kelgan. O‘z maydonidagi o‘yinlarda esa, oxirgi 12 uchrashuvdan 11tasida «adashlar»ni yengishgan. O‘tgan mavsumda «Iduna Park»dagi o‘yinda mezbonlar 6:1 hisobida zafar quchgandi. O‘sha o‘yinda het-trik sohibi bo‘lgan Per-Emerik Obemeyang hozir «Arsenal» tarkibida to‘p surmoqda. Jamoaning bugungi to‘purari Marko Roys esa, o‘z vaqtida Menxengladbaxda to‘p surgandi. Qizig‘i, Roys aynan sobiq jamoasiga qarshi o‘yinlarda samarali harakat qiladi - 6 gol va 5 assist. Boshqa biror jamoaga qarshi Roys bu qadar sermahsul bo‘lmagan. Lusen Favr - dortmundliklar ustozi 2011-2015 yillarda aynan Menxengladbax jamoasi bosh murabbiyi bo‘lgan.

Tarkiblar borasida mezbonlarda yo‘qotishlar yo‘q. Mehmonlarda esa, nihoyat jamoa yetakchilaridan biri Jonas Hoffman maydonga qaytishi mumkin. U mashg‘ulotlarga kirishgan va murabbiy muhim uchrashuvda Jonasni safga qaytarishi mumkin.  

VULVeRHeMPTON - LIVeRPUL (22 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Angliya Premer Ligasi peshqadamining o‘rtamiyona «bo‘rilar» bilan o‘yinini alohida e'tiborga olish balki shart emasdir, ammo ba'zi sabablar bunga majbur qiladi. Masalan, o‘yin juma kechasi bo‘lib o‘tadi: bir hafta davomida Yevropa futbolini sog‘ingan muxlislar uchun yaxshi mashq.