XIX asr insoniyat rivojida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Ilm-fanni olg‘a yetaklaydigan mexanizmlar kashf etildi, tibbiyot va psixologiya kabi muhim sohalarda kashfiyotlar amalga oshirildi, turli tajribalar o‘tkazildi. XIX asrda o‘tkazilgan ana shu kabi tajribalardan biri haqida so‘z yuritamiz.
“Qaynoq suvdagi qurbaqa” tajribasining mohiyati shundan iboratki, baxtsiz qurbaqani qulay haroratdagi suv to‘ldirilgan idishga solib, keyin past olovga qo‘yishgan. Suv juda sekin qaynagani uchun qurbaqa moslashgan va biroz noqulay sharoitga ko‘nikkan. Buning uchun o‘z resurslarini sarflagan. Issiq suvda qolish imkonsiz bo‘lgan fursatda esa qurbaqada sakrash uchun kuch qolmagan. Yana bir boshqa nazorat qurbaqasi ham bo‘lgan. U darhol qaynoq suvga solingan. Bu qurbaqa o‘z kuchini moslashish uchun sarflamagan, suvdan o‘sha zahoti sakrab, tashqariga chiqqan. Ana shu yo‘l bilan o‘z hayotini saqlab qolgan.

Bu tajriba nima uchun e'tiborimizni tortdi? Gap shundaki, hayoti asta-sekin isiyotgan suvdagi qurbaqaga o‘xshagan kishilarning ruhshunoslarga murojaat etish hollari kuzatiladi. Ularning hammasi emas, biroq ko‘pchiligi mayda murakkabliklar va qiyin vaziyatlarning ilk belgilariga e'tibor bermaganliklarini aytishadi. Moslashishgan, ko‘nikishgan, biroq keyin vaziyat tobora qiyin tus olgan.
Bu ishdagi majburiyatlarning ortishi ham bo‘lishi mumkin. Oxir-oqibat, uyga ham ish olib ketish va yarim tungacha, salomatlikka putur yetguniga qadar ishlashga to‘g‘ri keladi.
Bu oilaviy juftlik orasidagi mayda xafagarchiliklarga ko‘z yumish ham bo‘lishi mumkin. Diqqatga sazovor jihati shundaki, bir kishi sabr qilganida ikkinchi odamning qo‘polligi yanada ortadi.
O‘z-o‘zidan ayonki, agar o‘sha omadsiz ishchiga qo‘shimcha ishning bor hajmini boshida ko‘rsatishganida u kuchini aql bilan baholab, ishlashni rad etardi. Oilaviy juftlikda ham xuddi shunday, turmush o‘rtog‘i boshida keyinchalik yuz bergani kabi o‘zini tutganida ajralish yuz berardi. Qurbaqa darhol suvdan tashqariga sakragan bo‘lardi.
Odamlarni ko‘prog‘iga chidashga nima majbur qiladi?
Gap murakkablikning asta-sekinlik ortib borishida. Dastlab bari yaxshidek tuyuladi, eplash mumkin bo‘lgan ozgina qiyinchilik yuz berdi xolos. Ayrim vaziyatlar uchun bu to‘g‘ri. Ayniqsa, qiyinchilik vaqtinchalik bo‘lsa; ko‘ngildagi narsa emasligi darrov ayon bo‘lsa.
















