Bugun, 22 dekabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini boshqarishga asosiy nomzod murabbiy Lyubinko Drulovich bilan uchrashdi. Uchrashuvda serbiyalik mutaxassisning yordamchilari Zavisha Miloslavlevich va Neboysa Topalov ham ishtirok etishdi.
Ahmadjonov murabbiylarga 2020 yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish asosiy maqsad ekani, buning uchun O‘FA zarur sharoitlarni yaratishi, olimpiya termasining asosini shakllantirish ishlari allaqachon boshlab yuborilganini ma'lum qildi.

«Serbiyalik murabbiy Lyubinko Drulovich O‘zbekistonga tashrif buyurganidan benihoya xursand ekanini bildirar ekan, o‘zbek futboli bilan yaqindan tanish ekanini, xususan, o‘zbekistonlik yoshlarning shu yil Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida qanday o‘yin namoyish etishgani va chempionga aylanishganidan xabardor ekanini aytib o‘tdi. Agar mutaxassisga O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi topshiriladigan bo‘lsa, jamoa oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad - Tokio-2020 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun astoyidil mehnat qilishga tayyor ekanini ham ta'kidlab o‘tdi», – deyiladi O‘FA xabarida.

Qayd etilishicha, hozir Drulovich bilan muzokaralar so‘nggi bosqichga yetib kelgan.
Dose: Lyubinko Drulovich
Fuqaroligi: Serbiya
Tug‘ilgan sanasi: 11 sentabr 1968 yil (50 yosh)
Murabbiylik darajasi: UYeFA "PRO" diplomi egasi (2007 yil)
Eng katta yutug‘i: Serbiya U-19 terma jamoasi bilan Yevropa chempionatida g‘olib chiqqan.
Murabbiy sifatida erishgan yutuqlari:
1. Angola Superkubogi g‘olibi – "Agosto" FK, 2010-2011
2. Yevropa U-19 chempionati g‘olibi – Serbiya, 2013
3. "Partizan" FK bilan Yevropa ligasi ishtirokchisi – 2015-2016

















