O‘zbekiston | 15:11 / 27.12.2018
5486
4 daqiqa o‘qiladi

Ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi

Ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, sanoat tarmoqlarini texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash jarayonini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston prezidentining qarori e'lon qilindi.

Qarorga ko‘ra, shunday tartib o‘rnatildiki, unga muvofiq davlatga yoki xo‘jalik boshqaruvi organlariga tegishli aksiyalar paketlarini (ulushni) investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilarga belgilangan tartibda berish tanlov asosida 5 yilgacha bo‘lgan muddatga quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasida qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaning mavjudligi;

ishonchli boshqaruvchi tomonidan tegishli komissiyaga korxona faoliyatining samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha biznes-rejani taqdim etish;

korxonalarning kuzatuv kengashi tarkibiga ishonchli boshqaruvga beriladigan ulush bo‘yicha tayinlanadigan a'zolarning kamida 40 foizi miqdorida davlat vakillarini kiritish;

ishonchli boshqaruvchining xizmatlariga uning ma'muriy xarajatlarini qoplash uchun har oy to‘lanadigan mukofot puli va moliyaviy yil yakunlariga ko‘ra biznes-reja parametrlarining bajarilishiga qarab hisoblanadigan bonus ko‘rinishida haq to‘lash.

Bunda, ishonchli boshqaruvchi tasdiqlangan biznes-rejani amalga oshirish uchun pul mablag‘lari, uskunalar, dasturiy mahsulotlar shaklida o‘z mablag‘larini jalb etgan hollarda ushbu mablag‘lar asoslantirilgan hisob- kitoblar va mustaqil auditor xulosasiga ko‘ra hamda ishonchli boshqaruvchi va korxona o‘rtasida kelishilgan alohida grafikka muvofiq belgilangan tartibda qoplab berilishi lozim.

Qarorda belgilanishicha, ustav kapitalidagi davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organlariga tegishli aksiyalar paketlari (ulushlari) investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilarga belgilangan tartibda ishonchli boshqaruvga berilgan korxonalarga nisbatan qonun hujjatlarining quyidagi talablari tatbiq etilmaydi:

tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilish bo‘yicha kontraktlar, jumladan import kontraktlarini, texnik topshiriqldarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida majburiy ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan (birgalikda moliyalashtiriladigan) holatlar bundan mustasno;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 noyabrdagi “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5215-son Farmonining 2-ilovasiga kiritilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilish bo‘yicha kontraktlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida;

ishonchli boshqaruvchi tomonidan kuzatuv kengashi a'zosi sifatida ilgari surilgan shaxslar korporativ boshqaruvchining malaka guvohnomasiga ega bo‘lishi to‘g‘risida.

Summasidan qat'i nazar, idoraviy (ichki) tanlov komissiyalari baholaydigan eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li orqali tovarlar (ishlar va xizmatlar)ni xarid qilish kontraktlarini, shu jumladan import kontraktlarini mustaqil ravishda tuzish huquqi beriladi.

2019 yil 1 fevraldan boshlab olib kiriladigan (olib chiqiladigan) tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning bojxona rasmiylashtiruvida vakolatli iqtisodiy operatorlar maqomi qo‘llaniladi.

Korxonalar tomonidan ushbu qarorga muvofiq tuziladigan shartnomalar (kontraktlar) to‘g‘risidagi axborotni ular tuzilgan sanadan boshlab uch kundan kechiktirmay davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portaliga joylashtirish tartibi joriy etiladi.

Mavzuga oid