Rivoyatga ko‘ra, qadimda bir boy bo‘lgan ekan. Uning nafsi kuchli bo‘lib, ko‘ngli tusagan narsadan tatib ko‘rarkan. U yashagan qishloqda bir sirli ko‘l bor ekan. Ko‘lda baliq ko‘p, lekin baliqlar bir kun zaharli, bir kun zaharsiz bo‘larkan. Biroq qaysi kuni zaharsiz bo‘lishini kimsa bilmas ekan. Nafsiga qul bo‘lgan boy shu baliqdan yegisi kelibdi. Xizmatkoriga tuttirib baliqni pishirtiribdi. Yeyishga kelganda hayoti ko‘z oldidan o‘tib o‘ylanib qolibdi. Shu vaqtda uyi eshigini tilanchi taqillatibdi. Boy o‘zicha u yesa, tirik qolsa, keyin baliqni yeyman deb unga pishirilgan baliqdan beribdi. Tilanchi rahmat aytib yo‘lda davom etibdi. Ovozi uzoq vaqtgacha eshitilib turganidan so‘ng, boy gado o‘lmadi, endi yesa bo‘ladi deb baliqni paqqos tushiribdi. Bir ozdan so‘ng, eshik taqillabdi. Boy eshikni ochibdi. Ostonada tilanchi turardi.

«Nega kelding?», - deb hayron bo‘lib so‘rabdi.

«Men baliqni o‘zing yegan-yemaganingni bilish uchun keldim. Agar ular zaharsiz bo‘lsa, ularni yemoqchi edim», - deb aytibdi.

Shu vaqtda zahar tanaga tarqab boy til tortmay halok bo‘libdi.

Oramizda shunday insonlar borki, nafsi yo‘lida din va qonun taqiqlagan ishlarni qilishdan ham qaytmaydi. Eng razil, do‘zax va'da qilingan ishlarni qilishdan ham tap tortishmaydi. Undaylar hatto esini tanimagan, ulg‘aymagan bolalarga bachchabozlik qilishdan ham qaytmaydi. Kun.uzʼga shu haqda murojaat kelib tushdi. Borib masalani atroflicha o‘rgandik. Bu shaxs kimligi, nega bu ishni qilgani, ifloslikka moyillik qanday paydo bo‘lgani va boshqa savollarga izohlar oldik.

Video: Mover

Video: Youtube

Ma'lum bo‘lishicha, u o‘smirlik yoshida bobosining yaqin do‘sti bo‘lgan bir kitob sotuvchi tomonidan jinsiy aloqaga undalgan. Bu ish hissiyotlari endi rivojlanayotgan bolaga yoqib tushadi. Bu holat bir necha bor takrorlanadi. Keyin to‘satdan bu ishni bas qilishadi.

D. ismli bu shaxs ulg‘ayib oila quradi. Farzandlari tug‘iladi. Afsus, o‘rgangan dil o‘rtansa qo‘ymas deganlaridek, bu ishni yana takrorlaydi. Yoshligida Qur'oni karim ma'nolarini tushunmay ko‘r-ko‘rona yodlaydi. Shu ilmidan foydalanib, 2003 yilda noqonuniy hujra tashkil etadi. Yosh bolalarga dars bera boshlaydi. O‘zining tushuntirishicha, bu holat yillar davomida bir necha marta takrorlangan. Bolalarning aksariyati bir marta shu holat bo‘lganidan so‘ng darslarga qaytmagan. Qo‘rqib hech kimga aytishmagan. O‘tgan yillar davomida bu shaxs noqonuniy hujra sabab bir necha bor ma'muriy javobgarlikka ham tortilgan.