O‘zbekiston | 16:16 / 28.12.2018
11503
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon “Vatanparvar” tashkilotida parashyut sporti to‘garagi ochildi

Joriy yilning 12 dekabr kungi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4061-sonli “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mamlakatimizda parashyut sportini rivojlantirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, fuqarolarning mazkur sport turiga bo‘lgan qiziqishlarini shakllantirish maqsadida Asaka tumani o‘quv sport texnika klubida parashyut sporti to‘garagi tashkil etilib, aholi va yoshlar uchun tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Tantanali ochilish marosimida “Vatanparvar” tashkiloti Andijon viloyat tashkiloti raisi M.Satkulov, Asaka tumani hokimining o‘rinbosari Yo.Abdug‘aniyev, Asaka tumani mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i polkovnik Sh.Yarashov, 45379-sonli harbiy qism askarlari, 250 dan ziyod Asaka tumani umumta'lim maktabi hamda kasb-hunar kolleji o‘quvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirda mayor A.Ochilov yoshlarga parashyutning ixtiro qilinishi tarixi, Leonardo Da Vinchining ilk chizmalari, parashyutdan foydalanish, uning turlari, asosiy parashyut, zaxira parashyuti, sport parashyutlari va ularning texnik ko‘rsatkichlari bilan yaqindan tanishtirib, yoshlarni qiziqtirgan savollariga javob berdi.

Shundan so‘ng, 45379 harbiy qism rahbariyati bilan yangi tashkil etilgan to‘garakni yanada rivojlantirish va kerakli o‘quv –metodik va ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlash ishlarini hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirildi.

Mehmonlar Asaka o‘quv sport texnika klubida tashkil etilgan parashyut sporti sinf xonasida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

Elmurod Ermatov, Andijon

KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid