O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin Kun.uz’ga bergan intervyusida bir yil ichida 10 mingdan ziyod pedagog maktabgacha ta'lim tizimiga singib ketganini ta'kidlab o‘tdi.

— Kadrlar mavzusiga to‘xtalar ekanmiz, bugun ma'lum bir ishlar amalga oshirilmoqda, Koreyaning Puchon universiteti ish boshladi va bu yil dastlabki talabalarni qabul qildi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni qanday baholaysiz. Va, umuman, yangi kadrlarni qanday jalb qilmoqchisiz? Chunki bu sohada maoshlar baribir oz.

— Maktabgacha ta'lim sohasi xodimining nufuzi past bo‘lishiga uning maoshi kam bo‘lgani ham muhim omil bo‘lgan. Dastlabki kunlardanoq biz o‘z oldimizga qo‘ygan birinchi masala maktabgacha ta'lim muassasasi xodimining imijini yuksaltirish bo‘ldi. 2018 yilda tegishli xodimlarning oylik ish haqi ikki marta 40 foizdan 70 foizgacha oshirildi. Kadrlar hamma narsani hal qiladi. Shu sababli, sifatli ta'lim tizimiga erishishimiz uchun pedagog kadrlarga oid masalani hal etmog‘imiz taqozo etilardi.

Birinchidan, biz maktabgacha ta'lim tizimiga pedagog, lekin maktabgacha ta'lim tizimida ishlab ko‘rmagan mutaxassislarni jalb eta boshladik. Shuning uchun, Oliy ta'lim vazirligi va vazirligimiz umumiy to‘xtamga kelib, 4 oylik qisqa muddatli qayta tayyorlov o‘quv kurslari tashkil etildi. Ayni paytga kelib, 10 mingdan ziyod pedagog maktabgacha ta'lim tizimiga singib ketdi.

— Bugungi kunda talab qay darajada? U to‘liq qondirildimi?

— Yo‘q, albatta. Hozir yangidan yangi maktabgacha ta'lim muassasalari ochilayotgani sababli qamrab olish darajasi tobora oshib bormoqda. Bu o‘rinda xususiy sektorning ulushi katta bo‘lmoqda. Masalan, 2017 yilda respublika bo‘yicha «xususiy bog‘cha»lar 250ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bunday bog‘chalarning soni 639taga yetdi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmining joriy etilishi sharofati bilan yana 389ta bog‘cha faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ayni paytda biz tadbirkorlar uchun o‘ta jozibali bo‘lgan yangi modellarni ishlab chiqmoqdamiz. Ulardan biri — oilaviy bog‘chalarni tashkil qilishdir…

— Bu ko‘proq viloyatlarda bo‘lsa kerak?

— Albatta, bu asosan viloyatlarda tashkil etiladi. Lekin ayrim o‘zgarishlar bilan bunday bog‘chalarni shaharda ham tashkil etish mumkin. Bu yerda bolalarni qamrab olish masalasi ham, ayollarimizning ish bilan band bo‘lish masalasi ham mujassam. Ya'ni bir urinishda, bir necha muammoli masalalarni qamrab olish niyatidamiz.