O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ta'lim sohasidagi navbatdagi qarori imzolandi. Hujjat matni O‘zAda keltirilgan.

Qaror xorijdagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar va boshqa tashkilotlarda kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy soha, davlat boshqaruvi va iqtisodiyot ustuvor tarmoqlarining yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida qabul qilingan.

Hujjatga ko‘ra, kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish uchun nomzodlarni tanlov asosida saralab olish vazirliklar va idoralarning maqsadli buyurtmalari asosida Jamg‘arma mablag‘lari (Jamg‘arma stipendiyalari) hisobidan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi: 
ta'lim; 
fan va ilmiy tadqiqotlar; 
sog‘liqni saqlash; 
davlat boshqaruvi; 
iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari. 

2019-2021 yillarda Jamg‘arma stipendiyalari hisobidan kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish dasturlari bo‘yicha o‘qishga yuboriladigan kadrlarning prognoz miqdori 3-ilovaga muvofiq 4 000 o‘rindan kam bo‘lmagan miqdorda, Jamg‘arma stipendiyalariga ajratilgan umumiy o‘rinlarning 20 foizidan kam bo‘lmagan miqdorini magistratura va doktoranturada o‘qish uchun ajratilishi ma'qullangan.

Vazirliklar va idoralar har yili 1 avgustga qadar jamg‘arma dasturlari bo‘yicha xorijdagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar va boshqa tashkilotlarda kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazishga buyurtmalar portfelini shakllantiradi, shuningdek, kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazishning ustuvor yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha takliflarni Jamg‘armaga kiritadi, shuningdek, eng yaxshi tayyorlangan nomzodlarni Jamg‘armaning tanlovida ishtirok etishlari uchun tavsiya qiladi.

Jamg‘armaning Vasiylik kengashi Jamg‘arma stipendiyalarini olish uchun yo‘nalishlar bo‘yicha nomzodlarni tanlov asosida saralab olish yuzasidan kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazishning ustuvor mutaxassisliklarini tasdiqlaydi, nomzodlarni tanlov asosida saralab olishning tegishli darajasi va sifatini ta'minlash maqsadida tanlov yo‘nalishlari bo‘yicha ajratilgan o‘rinlarni qayta taqsimlash bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.