Jahon | 08:31 / 06.01.2019
15336
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik kinotanqidchilar 2018 yilning eng yaxshi filmini e'lon qilishdi 

AQSh kinotanqidchilari milliy jamiyati (NSFC) 2018 yilning eng yaxshi filmlari reytingini e'lon qilishdi, deb xabar berdi The Hollywood Reporter nashri.

Kinotanqidchilar xitoylik rejissyor Xloya Chjaoning “Otliq” filmini o‘tgan yilning eng yaxshi filmi deb topishgan. Bu film iste'dodli otlar o‘rgatuvchisi haqida bo‘lib, u boshidan olgan og‘ir jarohat tufayli ushbu ishini tashlashiga to‘g‘ri keladi. 

Reytingning 2-o‘rniga meksikalik rejissyor Alfonso Kuaronning oq-qora “Roma” filmi qo‘yilgan. 3-o‘ringa janubiy koreyalik rejissyor Li Chxan-donning “Yonuvchi” filmi loyiq topilgan.   

Mutaxassislar eng yaxshi rejissyor sifatida Alfonso Kuaronni e'tirof etishgan.

Kinotanqidchilar yilning eng yaxshi aktyori sifatida rejissyor Pol Shrederning “Cho‘pon kundaliklari” filmida bosh rolni ijro etgan Itan Xoukni, eng yaxshi aktrisa sifatida esa “Mahbuba” filmida rol ijro etgan Oliviya Kolmanni e'tirof etishgan.

“Stalinning o‘limi” filmi uchun ssenariy yozgan Armando Iannuchchi, Devid Shnayder va Yyen Martin eng yaxshi ssenariynavislar deb topilgan.

 

Mavzuga oid