Malayziya hukmdorlari (valiahd sultonlar) kengashi 24 yanvarda yangi qirolni saylaydi. Bu haqda Bernama axborot agentligi ma'lum qildi. 

Saylovlar sanasi hukmdorlar muhri saqlovchisi Tan Shri Sa'd Danial Ahmad tomonidan e'lon qilingan. Uning aytishicha, bu qaror kengashning 7 yanvardagi uchrashuvida qabul qilingan.  

Kengash yangi qirolning taxtga o‘tkazilishi marosimi sanasini ham tasdiqlagan. Bu marosim 31 yanvarga belgilangan.      

6 yanvarda Malayziya qiroli Muhammad V taxtdan voz kechdi. Uning bunday qilishi sababi oshkor qilinmagan. U 2016 yil aprelda 5 yilga qirol etib saylangan. 

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda 49 yoshda bo‘lgan Muhammad V 2018 yilning noyabrida rossiyalik 25 yoshli model, “Miss Moskva-2015” tanlovi g‘olibi Oksana Voyevodinaga uylangani shov-shuv bo‘lib ketgandi.