Jamiyat | 17:00 / 09.01.2019
3121
2 daqiqa o‘qiladi

«Eng yaxshi korporativ yuridik xizmat» tanlovi o‘tkaziladi 

Illyustrativ foto

Adliya vaziri buyrug‘i bilan “Eng yaxshi korporativ yuridik xizmat” respublika tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Nizomga muvofiq, tanlov Adliya vazirligi tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

Tanlovda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar barcha tijorat tashkilotlarining yuridik xizmatlari hamda oliy yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan, ish staji va lavozimidan qat'i nazar yuridik xizmat xodimlari ishtirok etishlari mumkin. 

Tanlov ishtirokchilaridan hujjatlarni qabul qilish 2019 yilning 15 yanvaridan 15 fevral kuniga qadar davom etadi. 

Hujjatlar 2019 yilning 20 fevralidan 30 mart kuniga qadar ko‘rib chiqiladi. 

Nizomga binoan, tanlovni o‘tkazishda yakunlangan yil davomida amalga oshirilgan ishlar hisobga olinadi. Bunda ishtirokchilar tegishli anketada ko‘rsatib o‘tilgan 10 ta yo‘nalish bo‘yicha qilingan ishlarni [email protected] elektron pochtasiga yuboradi. 

Ishtirokchilar faoliyati shu asosda tahlil qilinib, har bir yo‘nalish bo‘yicha 10 balldan – jami 100 ballgacha baholanadi.

Eng yuqori ball to‘plagan 7 ta yuridik xizmat keyingi bosqichda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. 

Shunga ko‘ra, navbatdagi bosqichda yuridik xizmat rahbarlari hakamlar hay'ati tomonidan suhbatdan o‘tkazilib, eng yaxshi 3 ta yuridik xizmat aniqlanadi. 

Tanlov g‘oliblari “Tashkent Law Spring” xalqaro yuridik forumida taqdirlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid