O‘zbekistonda jamoat transporti tizimidagi muammolarning sabablari nimada va ularni qanday hal qilish mumkin? Xorijda bu borada qanday amaliyot yo‘lga qo‘yilgan? Xorij amaliyotini O‘zbekistonda ham joriy etish mumkinmi? Biz quyida Kanadadagi jamoat transporti tizimini ko‘rib chiqamiz va o‘z takliflarimiz bilan o‘rtoqlashamiz.
Yagona tranzit tizimi
Kanadadagi katta shaharlarda, megapolislarda transport tizimi yagona tranzit tizimiga birlashgan. Tranzit tizimi bu - avtobus, tramvay, metro barchasi bir tizimga birlashishi degani. Bu tizim davlatga qarashli bo‘lib, uni shahar merining birinchi o‘rinbosari boshqaradi.
Shahar tranzit tizimi qanday ishlaydi? Misol uchun, bir joydan chipta sotib olasiz va ana o‘sha chipta bilan manzilga yetib olishingiz mumkin. Necha marta transport almashtirsangiz ham – avtobusmi, tramvaymi, metromi - ana o‘sha bitta chipta amal qiladi. Bu bilan shahardagi avtomobillar tirbandligiga barham beriladi.
Yana bir shaharda esa vaqt belgilab qo‘yilgan. Masalan, bitta chipta olsangiz, u 1 soatu 45 daqiqa davomida o‘z kuchida turadi. O‘sha vaqt tugagunicha siz xohlagan joyingizga borib qaytishingiz mumkin. Agarda 1 soat 40 daqiqada ishingiz bitib, chiptangiz yaroqlilik vaqti tugashiga 5 daqiqa qolganida avtobusga chiqsangiz, haydovchi chiptangizni boshqasiga almashtirib beradi va chipta yana 1 soatu 45 daqiqa o‘z kuchida bo‘ladi.
Shaharda avtomobillar tirbandligi paydo bo‘lishi mumkin, lekin avtobuslar bilan bunday bo‘lmaydi. Yo‘lning o‘ng cheti avtobus haydovchilari uchun ajratilgan bo‘lib, bu yo‘lda to‘xtash, to‘sib qo‘yish qonun bilan taqiqlanadi. Favqulodda vaziyatdan tashqari boshqa mashinalar avtobus yo‘liga to‘xtab unga xalaqit bersa, avtobus haydovchisi ratsiya orqali o‘z dispetcheriga o‘sha avtomobil haqida xabar beradi. Dispetcher esa politsiya bilan bog‘lanadi va politsiya o‘sha haydovchini jarimaga tortadi. Bir polosadan iborat yo‘lda oldingizda avtobus bo‘lsa, uning ortidan ketaverasiz, avtobusni quvib o‘tish mumkin emas, bu qoidabuzarlik hisoblanadi.
Jamoat transporti ishi tong saharda boshlanadi va kech tugaydi, har bir bekatga belgilangan vaqtda yetib keladi. Yo‘lovchilar avtobusning old eshigidan chiqishadi, haydovchidan chipta olishadi yoki o‘z chiptasini ko‘rsatishadi hamda orqadagi eshiklardan tushishadi. Old eshikdan tushish mumkin emas. Barcha avtobuslar kamera bilan jihozlangan.
Avtobus haydovchilari meriya xodimi hisoblanadi
Haydovchilar katta tanlov asosida ishga olinadi, u universal haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak. Avtobus haydovchilari uchun alohida toifa mavjud bo‘lib, ular ana shu toifaga ega bo‘lishlari lozim. Agarda ushbu toifaga ega bo‘lmasa, ishga qabul qilinganidan so‘ng o‘zlari o‘qitishib, guvohnoma olishiga yordam berishadi.

















