Yaqinda Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyatida yashovchi fuqarodan murojaat kelib tushdi. Murojaat hozirda juda katta va asosiy muammolardan biri bo‘lib qolayotgan Vazirlar Mahkamasining 97-sonli «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash» to‘g‘risidagi qarorining to‘liq ijro etilmayotgani xususida edi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Xamdam Bekchanovning muammosini joyiga borib o‘rgandik.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Ma'lum bo‘lishicha, Urganch shahar hokimining 2011 yil 8 avgustdagi qaroriga asosan, X.Bekchanovga tegishli bo‘lgan, Urganch shahri, «Tinchlik» ko‘chasi, 6-manzilda joylashgan 1783,42 kv.m maydondan iborat noturar joy binosi aloqa kolleji qurish uchun buzib tashlangan. Evaziga «E.Rahim» ko‘chasidan yakka tartibda uy-joy qurish uchun 420 kv.m yer uchastkasi ajratib berilgan va majburiyatning bir qismi bajarilgan.
Urganch shahar hokimining 2011 yil 12 yanvardagi qaroriga ko‘ra, buzib olingan noturar joy binosi uchun Urganch shahar «Sanoatchilar» ko‘chasidan 1200 kv.m va 583,42 kv.m yer maydoni ajratib berilgan. Biroq fuqaro buni rad etgan. Chunki, uning buzilgan noturar joy binosi shahardagi eng markaziy nuqtada joylashgan edi. Taklif etilayotgan hudud esa chetroqda joylashgan. Tabiiyki, fuqaro bunga rozi bo‘lmagan va bu qarorlar bekor qilingan.

Keyinroq fuqaroga hokimning yangi qarori bilan yangi yer maydoni ajratilgan. Biroq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 9 oktyabrdagi «Xorazm viloyatida umumta'lim maktablari o‘quvchi yoshlari o‘rtasida «Umid nihollari-2015» respublika sport musobaqalari final bosqichini yuqori saviyada o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida»gi bayonnoma ijrosini ta'minlash maqsadida shu hududda joylashgan kollej yo‘li loyihasi o‘zgartirilgan. Buning natijasida X.Bekchanovga berilgan hudud 144 kv.m ga qisqartirilgan.



















