Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li – Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash va Xiva shahrida Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi va jamoatchilik vakillarining Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li – Ogahiy tavalludining 210 yilligini keng nishonlash hamda Xiva shahrida Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li – Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.
Buyuk shoir va mutafakkir Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li – Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash va maktab-internatini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlanadi.
Tashkiliy qo‘mita Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li – Ogahiy ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha tegishli chora–tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.
Bunda:
Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li – Ogahiy to‘g‘risida adabiy-tahliliy maqolalar to‘plamini nashr etish;
har yili shoir tug‘ilgan 17 dekabr sanasida Xiva shahrida o‘rnatilgan Ogahiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi va she'riyat kechalari o‘tkazish;
“Ogahiy – shoir, muarrix, tarjimon va davlat arbobi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish;
Ogahiy g‘azallari bilan aytiladigan mumtoz musiqiy asarlardan tashkil topgan konsert dasturlari va ijodiy kechalar tashkil etish;
ommaviy axborot vositalarida Ogahiy hayoti va ijodi haqida turkum ko‘rsatuv va eshittirishlar, maqolalar berib borish;
Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li – Ogahiy hayoti va ijodi haqida yaratilgan badiiy va hujjatli filmlarni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallari orqali namoyish etish;
mamlakatdagi oliy va o‘rta maxsus, umumiy o‘rta ta'lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish tadbirlari ko‘zda tutiladi.

















