Bugun, 17 yanvar kuni Toshkent viloyati Angren shahar Xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 29-umumiy o‘rta ta'lim maktabida «Men shu aziz Vatan farzandiman!» shiori ostida «Farzandimga kitob sovg‘a qilaman» nomli ijodiy uchrashuv va kitoblar yarmarkasi tashkil etildi. Bu haqda Angren shahar Xalq ta'limi bo‘limi matbuot xizmati Kun.uzʼga ma'lum qildi.


Mazkur ijodiy uchrashuv va kitob yarmarkasi O‘zbekiston prezidentining diniy ishlar bo‘yicha davlat maslahatchisi Rustam Qosimov yo‘riqnomasi asosida 2018 yil noyabr oyida ishlab chiqilgan 2019 yil yanvar oyiga mo‘ljallangan yo‘l xarita va mazkur yo‘l xaritasi bo‘yicha ishlab chiqilgan media rejaga asosan tashkil etildi.


Tadbirda bolalar va kattalar uchun uchun mo‘ljallangan badiiy adabiyotlar, jurnallar, gazetalar, atlaslar, xaritalar, elektron axborot vositalari va hatto bir qancha san'at namunalari namoyish etildi. Shuningdek, o‘quvchilar va ijodkor yoshlarning «Ulug‘ yo‘l» gazetasi muharriri O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Ne'mat Dushayev, Angren shahar 33-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchisi, shoir Abdurahmon Pirimqulovlar bilan ijodiy uchrashuvi o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tadbirda tumandagi barcha sektor rahbarlari, xususan, Angren shahar hokimi Shukrullo Mahmudov, shahar prokurori Xurshid Babayev, shahar IIB boshlig‘i Kamoliddin Boybutayev, shahar DSI rahbari Rustam Ashirmatov ishtirok etishdi va tadbir maqsadi, kitobxonlikning inson hayotidagi o‘rni bilan bog‘liq o‘z fikrlarini bildirishdi.
Tashkil etilgan kitob yarmarkasi kitob ixlosmandi bo‘lgan o‘quvchilar, shuningdek, ota-onalar uchun ayniqsa quvonchli bo‘ldi. Ular yarmarkada o‘zlari istagan jahon va o‘zbek adabiyotining sara asarlarini xarid qilishdi.

















