Kecha, 17 yanvar kuni soat taxminan 18:40 da Toshkent shahri Uchtepa tumani 23-kvartalda joylashgan 20-uyning 5-qavatdan 2-qavatgacha ustma-ust joylashgan to‘rtta xonadonning balkonlari qulab tushgani ma'lum qilingandi.
«Ayni paytda tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur holat yuzasidan muvofiq ekspertiza tayinlanishi nazarda tutilgan», – deyiladi Toshkent IIBB xabarida.
Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, ayni chog‘da vazirlik huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari voqea joyida holatni o‘rganmoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2018 yilda inspeksiya tomonidan 13 mingdan ortiq uy-joy texnik nazoratdan o‘tkazilgan bo‘lib, tekshiruv davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan tartibda murojaatlar amalga oshirilgan.
Qurilish sohasida faoliyat olib borayotgan Technosmart Engineering kompaniyasi direktori, quruvchi-muhandis Abdulaziz Abidovning fikricha, balkonga g‘isht terish mumkin emas, ko‘tara olmaydi, buzilib tushadi.
«O‘rniga yengil ashyo (sendvich-panel, penoblok, gazoblok, penopolistirolbeton blok, yog‘och yoki yengil metall karkas) ishlatish kerak, deb odamlarga tushuntirsak, shaharda hamma g‘ishtli balkon turibdi, bizniki ham turaveradi deb, gapimizga e'tibor qilishmas edi.
Qo‘shimcha qilib aytishim mumkin. Odamlarda balkonlarni o‘rab olib yashash maydonini kengaytirish uchun ehtiyoj bor. Texnik jihatdan bu ishni to‘g‘ri amalga oshirish zarur. Shunda xavfsiz bo‘ladi», – deydi u.
Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda uylarni qurish, turar joylarni qayta qurish va o‘zgartirish, muhandislik qurilmalaridan foydalanish, kommunal xizmatlar bilan ta'minlash bilan bog‘liq munosabatlar Uy-joy kodeksi va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.










