Inson o‘zi xastalansa-bir azob, hali go‘dak farzandining xastaligini ko‘rib-bilib unga davo topa olmaslik esa ming azobdir. Bu murg‘ak qalb egalari salgina bezovta bo‘lsa ham jonimiz bo‘g‘zimizga keladi, biroq jiddiy dard bilan xastalansa-chi? Buni tasavvur qilishning o‘zi azobli, shunday emasmi? Kun.uz ijodiy guruhi shunday azobni boshidan o‘tkazayotgan oilaning daragini eshitdi va ularning xonadoni tomon yo‘lga otlandi.
5 oylik farzandi Abdusolihning jigar sirrozidan aziyat chekayotganligi sababli otasi Akmal Dehqonov tahririyatga murojaat yo‘llagan edi.
Video: Mover (tas-x)
Video: Youtube
«O‘g‘limiz Abdusolih sariqlik bilan tug‘ildi. Keyinchalik ahvoli yaxshilanmadi, aksincha yomonlashdi. Shifoxonada qo‘ldan kelgancha davolanishni o‘tamoqda. Respublika pediatriya markazida 3 marta yotdik. Farzandimga jigar sirrozi tashxisi qo‘yildi. Allohdan umid qilib turibmiz. Bolamizni transplantatsiyaga buyurishgan. Bu esa chetda (Hindiston) bo‘lar ekan. Abdusolih 5 oylik. Ahvoli kundan-kunga yomonlashib, qorni kattalashib bormoqda. Donorlikni o‘zimiz qilamiz. Shunda ham operatsiyaga 30 ming AQSh dollari ketar ekan. Hozirda bisotimda avtomobilim bor. Sotuvga qo‘yganman. Ammo, mablag‘ katta...
Savob ilinjida yordam qiladigan insonlardan umiddamiz», – deydi ko‘z yoshlarini tiyolmayotgan ota.


Bemorning holati haqida aniqroq ma'lumot olish maqsadida Abdusolih davolanayotgan Respublika pediatriya ilmiy markaziga bordik. U yerda bemorning shifokori, pediatr Dilshod Yusupov bilan uchrashishdik.
«Bemor 2018 yil 15 avgustda tug‘ilgan. Bizga oktabr oyida murojaat qilgan. Murojaat vaqtida tug‘ma gepatit va o‘t yo‘llari diskineziyasi bilan kelishgan. Kelganida to‘liq diagnostika bo‘lmagani tufayli bu yerda tekshirdik. Tekshiruv mutaxassislar bilan birgalikda olib borildi. Shundan so‘ng, biliar jigar sirrozi tashxisini qo‘ydik. Davolanishni keyingi bosqichi jigar transplantatsiyasi, qisman almashtirishga kelishildi. Shu sababli, jigarni qisman ko‘chirib o‘tkazish tavsiya qilinadi. Transplantatsiyadan keyingi dispanser nazorati o‘zining turar joyidagi va bizning shifokorlar nazoratida bo‘ladi», – deydi oliy toifali shifokor Dilshod Yusupov.










