11:40 / 23.01.2019
16263

Aziz Turg‘unboyev «Navbahor»dami yoki «Paxtakor»da?

Toshkentning «Paxtakor» klubi uch nafar yangi futbolchini PFL ro‘yxatidan o‘tkazdi. 

PFL sayti xabariga ko‘ra, ular – Akrom Komilov, Sardor Sobirxo‘jayev va Aziz Turg‘unboyev. «Paxtakor» rasmiylari har uchala futbolchi bilan tuzilgan shartnomalarni taqdim qilgan. PFL tez orada ularning ro‘yxatini Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etishi uchun OFKga jo‘natadi.

Shu o‘rinda, o‘tgan mavsumda «Navbahor» sharafini himoya qilgan Aziz Turg‘unboyev bilan bog‘liq vaziyat e'tiborga loyiq. 

1 yanvar kuni «Paxtakor» futbolchi bilan 2 yillik shartnoma imzolaganini rasman e'lon qilgan edi.

Biroq, oradan bir necha soat o‘tgach, «Navbahor» klubi Turg‘unboyevning 2020 yilgacha mo‘ljallangan shartnomasi borligini va u hech qayerga ketmagani haqidagi xabarni tarqatdi. Keyinroq futbolchining o‘zi vaziyatga izoh berib: «Yakuniy qarorim - «Navbahor»da qolib, chempionlik marrasini zabt etish. Mana shunday sharoitlarni yaratib berayotgan rahbarlar va muxlislar uchun jamoada qolishga qaror qildim», - degan edi. Bu so‘zlar «Navbahor»ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tarqatildi.

PFL xabariga ko‘ra, Aziz Turg‘unboyevning «Paxtakor» futbolchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilish jarayonida, klub tomonidan taqdim etilgan hujjatlar o‘rganib chiqilgan va hozircha uning «Paxtakor» safida o‘ynashiga to‘sqinlik qiluvchi jihat topilmagan. Ya'ni, Turg‘unboyev «Paxtakor» bilan shartnoma imzolagan.

«Navbahor» klubi esa bunday shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim qilmadi. Agar Aziz Turg‘unboyevning «Navbahor»dan «Paxtakor»ga o‘tishida qandaydir qoida buzilishi aniqlansa, unda qoida buzgan taraf (futbolchi yoki ikki klubdan biri) albatta jazolanadi, deyiladi PFL xabarida. 

Kun.uz manbasining ma'lumot berishicha, ayni paytda «Paxtakor» uni Dubayga, o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga chorlayotgan bo‘lsa, «Navbahor» Qrimga o‘z yig‘iniga chaqirmoqda. Demak, katta ehtimol bilan futbolchining namanganliklar bilan imzolagan amaldagi shartnomasi ham bor. 

Xo‘sh, Aziz Turg‘unboyev «Navbahor»dami yoki «Paxtakor»da? Hozircha, PFL xabariga «Navbahor» klubi hech qanday munosabat bildirmadi.

Top