Yevropa futbolidagi eng asosiy talantlardan biri faoliyatini «Kamp Nou»da davom ettiradi. Shu yilning yozida «Ayaks»ning 21 yoshli yarimhimoyachisi Frenki de Yong «Barselona»ga o‘tadi.

An'analarning davom etishi
O‘tmishda ham ko‘plab niderlandiyalik futbolchilar «Ayaks»dan «Barselona»ga kelishgan. Yoxan Kroyf boshlab bergan an'ana keyinchalik Ronald Kuman, Frank Raykard, Uinston Bogard, Ruud Xesp, aka-uka Frank de Bur va Ronald de Bur, Filipp Koku, Mikael Raytsiger, Budeveyn Zenden, Mark Overmars, Patrik Klyuyvert, Jovanni van Bronxorst kabi futbolchilar tomonidan davom ettirilgan. Endi ular safiga 21 yoshli Frenki de Yong ham qo‘shiladi.

23 yanvar kuni kechqurun «Barsa» uning transferi haqida rasman e'lon qildi, de Yong 2019 yilning 1 iyulida ko‘k-anorranglilar safiga borib qo‘shiladi. U bilan 5 yillik shartnoma tuzildi, uning transferi uchun «Ayaks» 75 million yevro oladigan bo‘ldi, yana 11 million yevro qo‘shimcha bonuslar sifatida to‘lanishi mumkin.

U tarixdagi eng qimmatbaho golland emas
Frenki tarixdagi eng qimmat golland futbolchisiga aylanishi ham mumkin edi, «Barselona», «Manchester Siti», «PSJ» va «Yuventus» kabi puldor jamoalar so‘rab turgan vaqtda «Ayaks» uni 90 milliondan kamiga sotmasligi ham mumkin edi. Futbol jurnalistlari u Niderlandiya futboli uchun rekord qiymatda transfer qilinishini kutishayotgandi, bu holda u bir yil muqaddam «Sauthempton»dan «Liverpul»ga 78,8 million yevro evaziga o‘tgan Virjiyl van Deykning rekordini yangilashi mumkin edi. Ammo futbolchining o‘zi nisbatan kamxarjroq «Barselona»ni tanladi, «Ayaks» ham uni qistovga olib o‘tirmadi va narxni tushirishga rozi bo‘ldi.

U «Ayaks» tarixidagi eng qimmatbaho sotuv
Shu bilan birgalikda, uning transferi amsterdamliklar klubi tarixidagi eng qimmat kelishuv bo‘ldi, u klubning avvalgi rekordini qariyb ikki barobarga yaxshiladi. «Ayaks»ning bungacha eng qimmatbaho futbolchisi bir yarim yil muqaddam «Tottenhem»ga 40 million yevroga sotilgan kolumbiyalik himoyachi Devinson Sanches bo‘lgandi. Sanchesning o‘zi «Atletiko Nasonal»dan 5 million yevroga sotib olingani hisobga olinsa, uning transferidan jamoa 35 million yevro ishlagan bo‘ladi, bu holda de Yongning transferi klub uchun supermuvaffaqiyatdir. Frenki 2015 yilda amsterdamliklar jamoasining o‘rinbosarlar tarkibiga «Villem II»ning yoshlar jamoasidan 300 ming yevro evaziga kelib qo‘shilgandi.

Oldindan kelishuv
«Barsa» avvaldan ushbu futbolchini kuzatib kelardi. O‘tgan yilning aprelidayoq ko‘k-anorranglilar jamoasining sobiq sport direktori Robert Fernandes futbolchining otasi va agenti bilan uchrashgan, tomonlar bir-birlari bilan yaxshi munosabat o‘rnatishgandi. 2018 yilning dekabrida futbolchining otasi Voetbal Premium nashri muxbiriga bergan intervyusida gapning bir uchini chiqargandi: «Qaror bahorda qabul qilinadi. Frenki «Ayaks»dan ketishi 95 foizga hal bo‘lgan. Uning uchun eng yaxshi variant «Barselona»dir».