Qirg‘izistonning Rossiyadagi yangi elchisi Alikbek Jyekshenkulov mamlakat janubida Rossiyaga qarashli ikkinchi harbiy bazaning ehtimoliy ochilishi haqidagi savolga javob berdi. Bu haqda TASS xabar qilmoqda.

Alikbek Jyekshenkulov
Foto: Dmitriy Serebryakov/TASS

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kantdagi mavjud aviabaza butun Markaziy Osiyo uchun muhim barqarorlashtiruvchi omil hisoblanadi. Bishkek esa uni kuchaytirish bo‘yicha taklifni qo‘llab-quvvatlayapti. Shu bilan birga, yana bir bazaning ochilish ehtimoli istisno etilmayapti.

«Shuning uchun, menimcha, bu masala ikki mamlakat prezidentlarining mart oyida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvida muhokama qilinishi mumkin», - dedi Jyekshenkulov.

Uning ta'kidlashicha, Farg‘ona vodiysining o‘ziga xos xususiyatlarini ham e'tiborga olish kerak, Qirg‘izistonning janubi uning bir qismi sanaladi. Qayd etilishicha, bu yerda ijtimoiy-iqtisodiy va demografik xususiyatga ega qator dolzarb masalalar mavjud.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 3-4 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Bishkekda bo‘lishi xabar qilingandi.