O‘zbekiston | 16:37 / 05.02.2019
11091
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 76ta oliy ta'lim muassasasi faoliyat yuritmoqda

2018 yilning 1 noyabr holatiga O‘zbekiston Respublikasida oliy harbiy bilim yurtlaridan tashqari 76 ta oliy ta'lim muassasasi va 23 ta filiallar mavjud bo‘lib, ularning tarkibida 4 ta akademiya, 11 ta xorijiy oliy ta'lim muassasalarining filiallari, 31 ta universitet va 5 ta oliy diniy ta'lim muassasasi hamda filiallari faoliyat yuritmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2018 yilda bakalavr darajasiga ega bo‘lgan talabalar soni 66594 nafarni tashkil etib, ularning 19105 nafari davlat grantlari asosida ta'lim olgan. 2018 yilda bakalavriat bosqichini bitirganlarning 25566 nafarini qizlar (38.4%) tashkil etadi.

Bakalavriat bosqichi bitiruvchilarining 43,8 foizi gumanitar soha, 10,7 foizi ijtimoiy soha, iqtisod va huquq yo‘nalishi, 28,0 foizi ishlab chiqarish va texnik sohasi, 7,4 foiz qishloq va suv xo‘jaligi yo‘nalishi, 4,4 foiz sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot yo‘nalishi, 5,6 foizni xizmatlar sohasi bo‘yicha bitirgan.

2018/2019 o‘quv yili uchun magistraturaga jami 5755 nafar qabul qilingan talabalardan, 27,2 foizi (1555 nafari) davlat granti asosida, 72,8 foizi (4170 nafari) to‘lov shartnoma asosida qabul qilindi. 100 qabul qilingan o‘ringa o‘rtacha 236 ta ariza topshirilgan.

Magistratura bosqichida ta'lim olayotgan jami talabalar soni 11,647 nafarni tashkil etib, ulardan 34,9 foizi gumanitar sohada, 19,8 foizi ijtimoiy soha, iqtisod va huquq mutaxassisligi bo‘yicha, 21,7 foizi ishlab chiqarish va texnik sohada, 4,9 foizi qishloq va suv xo‘jaligi mutaxassisligi bo‘yicha, 16,0 foizi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot mutaxassisligi bo‘yicha, 2,7 foizi xizmatlar sohasida ta'lim olmoqda.

2018/2019 o‘quv yili boshiga oliy ta'lim muassasalarida 360,2 ming nafar talaba tahsil olmoqda, ulardan 159,4 ming nafarini qizlar tashkil etadi. Talabalarning 22,1 foizi davlat grantlari asosida, 77,9 foizi to‘lov-shartnoma asosida tahsil olmoqda.

Mavzuga oid