O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan O‘zbekistonda yangi organ — Energetika vazirligi tashkil etildi. Umuman olganda energetika tarmog‘ida davlat boshqaruvini tashkil etishda qator tizimli muammolar mavjudligi belgilangan islohotlarni samarali amalga oshirish va mamlakatni innovatsion jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgandi. Prezident farmonida ana shu muammolar sanab o‘tiladi:
birinchi – yoqilg‘i-energetika kompleksi sohalarini uyg‘un rivojlantirish va energiya manbalarini diversifikatsiya qilish masalalarida muvofiqlashtirishning va tizimli yondashuvning yetarli emasligi iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat aholisini ularning o‘sib borayotgan talabini hisobga olgan holda energiya bilan barqaror ta'minlash xavf-xatarlarini oshirmoqda;
ikkinchi – energetika tarmog‘i tashkilotlarini boshqarishning direktiv modeli, kompaniyalar moliya-xo‘jalik faoliyatining haddan ortiq ma'muriy tartibga solinishi, shuningdek, mehnat resurslaridan oqilona foydalanmaslik ularning ish faoliyati samaradorligi va natijadorligini susaytirmoqda, noishlab chiqarish xarajatlari va ishlab chiqarilayotgan energiya birligi sarfining o‘sishiga olib kelmoqda;
uchinchi – sog‘lom raqobat muhitining yo‘qligi, yirik kvazidavlat sektori hamda davlat va tijorat manfaatlari to‘qnashuvining mavjudligi, tariflarni tartibga solish chora-tadbirlarining investitsiya siyosati bilan uyg‘un emasligi yoqilg‘i-energetika sohasining investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda;
to‘rtinchi – tarmoqning rivojiga joylarda asbob-uskunalar o‘ta eskirgani va tegishli infratuzilmalarni yangilash sur'atlarining sustligi, uskunalar, qurilmalar, gaz quvurlari va elektr uzatish liniyalaridan xizmat muddatlarini buzgan holda foydalanish, nobarqaror moliyaviy ahvol, resurs va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish darajasining pastligi kabi butun tizimga daxldor muammolar to‘sqinlik qilmoqda va bu texnologik yo‘qotishlarning ko‘payishiga hamda yoqilg‘i-energetika resurslarini yetkazib berishda, ayniqsa, joylarda surunkali uzilishlarga sabab bo‘lmoqda;
beshinchi – soha korxonalarida resurslarni rejalashtirish, yetkazib berilayotgan energiya resurslarini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini hamda boshqa zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ishlari sust olib borilayotgani energiya resurslarini iste'molchilarga yetkazib berishda katta yo‘qotishlarga hamda o‘zaro hisob-kitob intizomi buzilishiga olib kelmoqda.















