O‘zbekiston | 00:05 / 07.02.2019
30517
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda nikoh shartnomasini tuzishni majburiy qilish taklif qilindi

Hozirgi kunda G‘arbiy Yevropa davlatlari, AQSh va Kanadada nikoh shartnomasi instituti keng ommalashgan. Bu haqda “Oila”  ilmiy-amaliy tadqiqot markazining oila institutini mustahkamlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘limi boshlig‘i Gulnora Ishanxonova “Xalq so‘zi” gazetasiga intervyuda ma'lum qildi.  

2018 yil davomida notarial idoralarda 219 ta nikoh shartnomasi tuzilgan. Shu yil ichida FHDYolar tomonidan 311,4 mingta nikoh va 32,3 ta ajrashish qayd qilingan. 

Mutaxassisning fikricha, Oila kodeksining nikoh shartnomasiga tegishli me'yorlarini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi va ehtimol majburiy nikoh shartnomasini tuzish yo‘lidan borish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Ishanxonovaning fikricha, nikoh shartnomasi oila, muhabbat rishtalarini barbod qilmay, aksincha uning mustahkamlanishiga ko‘mak beradi.

O‘zbekiston Oila kodeksi 1998 yilda qabul qilingan va unga nikoh shartnomasiga oid 6-bob - “Er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibi” kiritilgan. 

Shartnoma nikoh qayd etilgunga qadar va nikoh vaqtida ham tuzilishi mumkin. U yozma shaklda tuzilishi va notarial tasdiqlanishi lozim. Ushbu shartnomaga ko‘ra, er-xotinlar Oila kodeksining 23-moddasida o‘rnatilgan birgalikdagi umumiy mulk tartibini o‘zgartirish, butun mulkka birgalikda, ulushli yoki alohida, uning muayyan turlari yoki er-xotinning har birining mulkiga egalik qilish tartibini o‘rnatish huquqiga egalar.

Mavzuga oid