Yanvar oyi oxirida internetda O‘zbekiston Milliy universiteti ramzlaridan biri – universitetning asosiy kirish qismidagi marmar kitob buzib tashlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Kun.uz muxbiri universitet rektori Avaz Marahimovga shu masalada yuzlandi. «Otaxon universitet» deya ta'riflanuvchi ta'lim dargohining rektori masala yuzasidan izoh berdi.
«Universitetimiz va talabalar shaharchasini global miqyosda ham «flagman» universitetga aylantirish niyatidamiz. Har kun shuning harakatida yugur-yugurdamiz. Talabalar shaharchasining hududi yagona zamonaviy kampusga aylantiriladi.
Marmar kitob monumentining tag qismi buzilgan xolos. Kitob monumenti chetga olib qo‘yilgan. «Beruniy» metrosidan universitetimiz tomonga chiqish qismi, uning atroflari, avval mashinalar qatnov yo‘li bo‘lgan joylar esa sayr uchun yo‘laklariga o‘zgartirilmoqda. Bu ishlar tugaganida, obodonlashtirish loyihasiga ko‘ra yangi qiyofa kasb etadigan kitob monumenti Milliy universitetning markaziy qismi yaqiniga joylashtiriladi», deydi u.

Rektor qurilish va Talabalar shaharchasining markaziy qismi obodonlashtirilishi oqibatida hududda yuzaga kelgan noqulayliklar to‘g‘risida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: «Obodonlashtirish jarayoni ketayotgan hudud maxsus devorlar bilan ajratilgan. Talabalar aylanib o‘tishi, universitetlariga yetib olishi uchun uch tomondan yo‘llar ochilgan».

Kun.uz muxbiri hududdagi obodonlashtirish ishlari jarayonini borib kuzatdi.























