Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2019-2023 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida 2019−2023 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish belgilandi.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zMUda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fanni va serqirra iqtidor sohibi bo‘lgan inson kapitalini rivojlantirishga jiddiy to‘siq bo‘layotgan bir qancha muammolar va nuqsonlar aniqlandi. Keyingi yillarda universitetning Milliy universitet maqomini qaror toptirish uchun amaliy va samarali chora-tadbirlar ta'minlanmagan.

«Universitet nufuzli xalqaro agentliklar reytingiga kirmaydi, olimlarning ilmiy maqolalaridan xalqaro iqtibos keltirish darajasi pastligicha qolmoqda, talabalar ma'lum bir qismining ilm-fanga intilishi va qiziqishi juda sust ekanligi kuzatilmoqda», deya qayd etilgan hujjatda.

Shu bilan birga tanqidiy va har tomonlama tahlillarda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy va ko‘p qirrali inson kapitalini rivojlantirish sohasida jiddiy to‘g‘anoq va to‘siq bo‘layotgan kompleks kamchiliklar va muammolar aniqlandi. Keyingi yillarda universitetning Milliy universitet maqomiga munosib bo‘lishi uchun amaliy va samarali chora-tadbirlar ta'minlanmadi. Shu jumladan:

birinchidan – har bir fakultet va kafedra bo‘yicha ta'limning yo‘nalishlari va mutaxassisliklari tarkibi, shuningdek, qabul kvotalari real ehtiyojdan ancha orqada qolmoqda, ko‘pincha hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga, mehnat bozori va kadrlarning buyurtmachilari ehtiyojlariga mos kelmaydi. Bitiruvchilarning ishga joylashtirilishi hamma vaqt ham egallangan mutaxassislikka muvofiq emas;

ikkinchidan – ta'lim jarayoniga, shu jumladan, sinovdan o‘tgan va xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish darajasi past. Ta'lim jarayonini o‘quv-metodik ta'minlash va uning mazmuni iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsion va texnologik rivojlanishidan orqada qolmoqda, talabalarning nazariy va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish samarali emas;

uchinchidan – universitetni, shu jumladan, o‘quv-tarbiyaviy va ilmiy jarayonni samarali boshqarishni ta'minlash uchun kadrlar zaxirasini tayyorlashning aniq ifodalangan tizimi mavjud emas. Ayrim pedagog kadrlarning kasbiy mahorati darajasi yetarli emasligi, malaka oshirish kurslarining, pedagog va ilmiy xodimlar stajirovkasining samarasizligi, magistrantlar va dissertantlarning rahbarlari va maslahatchilarini tayinlashda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari salohiyatini sust jalb etish, turli dasturlar, shu jumladan, chet elda magistratura bo‘yicha kadrlar tayyorlashning tizimsizligi saqlanib qolmoqda;