Yanvar oyi boshida Farg‘ona shahri markazidagi «Gidroliz» shaharchasidagi 1946—1947 yillarda qurilgan ikki qavatli ko‘p xonadonli uylarni buzish boshlanib, bu uylarda yashovchi odamlar OAVga shikoyat qilib chiqqach, shahar markazida bo‘layotgan ishlarga ko‘pchilik e'tibor qaratgandi.
Avval ham bu masalani o‘rgangan Kun.uz ijodiy guruhi jarayonning davomini bilish maqsadida vodiy safarini aynan Farg‘ona shahridan boshladi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Buzilayotgan hududga yetib kelganimizda yomg‘ir sharros quyayotgan edi. Qiyin sharoitda qolgan kishilar bizni darrov o‘rab olishdi.
Keliboq «bo‘shatinglar» deyishdi
«Bu yerda hech qanday rasmiy javob bo‘lmagan. Hammasi og‘zaki tarzda aytildi. Men o‘zim Moskvada mehnat ta'tilida edim. O‘sha joydan keldim. Hokimlik tomonidan avvaliga, «Uy topinglar, lekin qimmat bo‘lmasin», degan takliflar berilgan edi. Ma'lum vaqtdan so‘ng, umuman daragi yo‘q bo‘lib ketishdi. Prezidentga muammoimizni yozdik. «Natijasi bo‘lsa kerak», deb bemalol yuraverganmiz. Hokimiyatdan hech qanaqa hujjat kelmagan. 2 yanvarda kelib, «Falonchi falonchi joyga ko‘chadi! Narsalaringizni yig‘ishtiring» deyishdi. Uyni hali ko‘rmagan ham edik. Bir hafta tin olishdi-da, 8 yanvarda buzilish ishlari boshlandi. Ularning aytishicha, o‘sha yozda kelganlari ogohlantirish bo‘lgan ekan.

Lekin, biror odam bizga hokim qarorini ko‘rsata olmadi. Farg‘ona shahar hokimi kelgan edi, unga ham shu gapni aytdim. Odamlar yangi uyga hali ko‘chib ulgurmasidan uyini buzishni boshlab yuborishgani juda katta qiyinchiliklar tug‘dirdi», - deydi shikoyatchilardan biri Svetlana Tursunova.
«O‘sha kuni uyda mehmonlarim bor edi. Qog‘oz olib kelishdi. «Shu joy sizlarniki, shu yerga ko‘chasizlar. Uylaringiz «snos»ga tushdi, zudlik bilan xarakatni boshlang, deyishdi. Bizga oldin hech qanday qog‘oz berilmagan», -deya ta'kidlaydi Munira Tursunova.





















