Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining moliyaviy asoslarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan fuqarolar yig‘inlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan va xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.

Fuqarolar yig‘inlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan pul mablag‘lari Xalq bankining filiallarida ochilgan hisob raqamlarida belgilangan tartibda jamlanadi.

Nizomga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan mablag‘lar deganda fuqarolar yig‘inining qaroriga asosan jismoniy shaxslardan ixtiyoriylik asosida, yuridik shaxslardan esa shartnoma (bitim) asosida yig‘ib olingan pul mablag‘lari va mol-mulk tushuniladi.

Xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lar deganda jismoniy va yuridik shaxslardan fuqarolar yig‘inlariga xayriya ehsonlari va homiylik mablag‘lari shaklida tushadigan pul mablag‘lari va mol-mulk tushuniladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar xayriya ehsonlari shaklidagi yordamni qonun hujjatlariga muvofiq ixtiyoriy va beg‘araz ko‘rsatadilar.

Jismoniy va yuridik shaxslarni xayriya faoliyatiga va ularning pul mablag‘larini sarflash bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish taqiqlanadi.

Fuqarolar yig‘inlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan va xayriya ehsonlari shaklidagi pul mablag‘lari Xalq bankining filiallarida ochilgan hisob raqamlarda belgilangan tartibda jamlanadi.

Fuqarolar yig‘inlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan va xayriya ehsonlari shaklida beriladigan mablag‘lar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda kirim qilinadi.

Fuqarolar yig‘inlari tomonidan jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘larini olish va ulardan foydalanish xayriyaning maqsadidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘larini olish va ulardan foydalanish fuqarolar yig‘inlari va yuridik shaxslar o‘rtasida xayriya yordami ko‘rsatish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalarga (bitimlarga) muvofiq amalga oshiriladi.

Pul mablag‘laridan foydalanish fuqarolar yig‘ini kengashining qarori asosida amalga oshiriladi. Pul mablag‘larini boshqarish hamda taqsimlash fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan amalga oshiriladi.