O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo universal oyna” mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot-xizmati

“Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilgan mazkur korxonada farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun shisha idishlar ishlab chiqariladi. O‘tgan yil iyun oyida faoliyat boshlagan korxonada qiymati 50,16 million AQSh dollarilik loyiha amalga oshirildi va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.  

Mamlakat farmatsevtika sanoatiga shu paytgacha har yili 4 million dollarlik shisha flakonlar import qilinar edi. Ushbu korxona ishga tushgach nafaqat viloyatdagi, balki yurtimizdagi barcha farmatsevtika korxonalariga shisha idishlar yetkazib berish imkoniyati yuzaga keldi. 

Korxonaga Germaniya, Chexiya va Fransiyada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan. Ular asosida mahalliy xomashyodan 100 dan ortiq turdagi shisha idishlar tayyorlanmoqda. 

Joriy yilda to‘la quvvat bilan ishlay boshlaydigan korxonada yiliga 102 million dona shisha idish ishlab chiqariladi, 2 million dollarlik mahsulot eksport qilish kutilmoqda. Korxonada 450 kishi ish bilan ta'minlangan.  

Prezident shisha idishlar ishlab chiqarish texnologik jarayonini, tayyorlanayotgan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi. 

Foto: Prezident matbuot-xizmati

Shu yerda “Sirdaryo universal oyna” korxonasi tomonidan klaster usulida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma'lumot berildi.  

Korxona yonida “Sirdaryo glass” MChJ tomonidan yangi texnologiya asosida bir vaqtning o‘zida farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun uch xil rangli shisha idishlar tayyorlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning yillik quvvati 136,1 million dona mahsulot bo‘lib, bu 11,3 million dollarlik import o‘rnini qoplash imkonini beradi. 

Kelasi yil ishga tushiriladigan korxonada 500 ish o‘rni yaratiladi, yiliga 3,7 million dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. 

“Sirdaryo shisha” MChJ tomonidan shisha idishlar uchun kvars qumini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Yiliga 438 ming tonna qum qayta ishlanadigan korxona uchun “Asaka bank”dan 5 million dollarlik kredit ajratiladi, 5,1 million dollar korxonaning o‘z mablag‘idir.