Iqtisodiyot | 09:37 / 19.02.2019
24651
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yanvarda asosan nimalarni import qildi?

Foto: 123RF

2019 yil yanvar oyida eksport hajmi 1,67 mlrd dollarga (o‘sish sur'ati 16,6%) teng bo‘ldi. Eksport tarkibida tovarlar 88,0% ulushga ega bo‘lib, bular asosan energiya manbalari va neft mahsulotlari (14,8%), oziq-ovqat mahsulotlari (3,6%), shuningdek, qora va rangli metallar (5,3%) guruhlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, oltin hajmini hisobga olmagan holda, jami tovar va xizmatlar eksporti 863,6 mln AQSh dollarini tashkil etib, 46,1%ga o‘sdi.

Tovar va xizmatlar eksporti dinamikasi tahliliga ko‘ra, 2019 yilning yanvar oyi mobaynida eksport qilingan tovarlar hajmi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 228,9 mln AQSh dollariga ko‘p eksport qilindi va 1474,4 mln AQSh dollarini tashkil etdi. Xizmatlar eksporti esa 201,3 mln AQSh dollarga yetgan. 

Eksport qilinayotgan tovar va xizmatlarning asosiy qismi Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa umumiy eksport hajmining 31,8%ini tashkil qiladi. Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinayotgan tovarlar tarkibiga nazar tashlansa, asosan energiya manbalari va neft mahsulotlari, kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar hamda oziq-ovqat mahsulotlari guruhlaridan iborat ekanligini ko‘rish mumkin. 

2019 yilning yanvar oyi yakunlariga nazar tashlansa, paxta tolasining umumiy eksportdagi ulushi avvalgi yillarning shu davriga nisbatan sezilarli darajada kamayganini ko‘rish mumkin. Ushbu davrda jami 115,6 ming tonna paxta tolasi eksport qilingan. 

Joriy yilning yanvar oyida import hajmi 1,67 mlrd dollarga (o‘sish sur'ati 38,9%) teng bo‘ldi. Import tarkibida eng katta ulush mashina va asbob uskunalar (42,3%), kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar (13,3%) hamda qora va rangli metallar (6,6%) guruhlari hisobiga to‘g‘ri keldi. 

Tovar va xizmatlar importi dinamikasi tahliliga ko‘ra, 2019 yilning yanvar oyi mobaynida import qilingan tovarlar hajmi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 447,5 mln AQSh dollariga ko‘p import qilindi va 1507,6 mln AQSh dollarini tashkil etdi. Xizmatlar importi esa 168,1 mln AQSh dollarga yetgan. 

2019 yilning yanvar oyida respublikaga 111 dan ortiq xorijiy davlatlardan tovar va xizmatlar importi amalga oshirilgan. Shulardan 5 ta eng yirik bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya Respublikasi, Qozog‘iston va Turkiya hamkor davlatlaridan jami import hajmi 1 072,2 mln AQSh dollariga teng. Bu esa umumiy import hajmining 64,0%ini tashkil qiladi. 

Mavzuga oid