O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “O‘zqurilishmateriallari” AJning:
2019-2020 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablarini bosqichma-bosqich tashkil etish;
O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi qoshida yuridik shaxs maqomiga ega Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha innovatsion seleksiya-genetika markazini tashkil etish;
O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisining o‘rinbosari – Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha innovatsion seleksiya-genetika markazi direktori lavozimini joriy etish;
Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha “Qorabayir otchilik majmuasi” UKni “Sho‘rtangazkimyo majmuasi” MChJ tasarrufidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufiga berish;
Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha “Qorabayir otchilik majmuasi” UK va “Vodiy tulporlari” MChJ majmualarini, ular ta'minotini moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda va yillik xarajatlari ko‘rsatkichlarini O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi bilan majburiy kelishish sharti bilan, Federatsiya tarkibiga kiritish haqidagi takliflari ma'qullandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari, Toshkent shahri hokimliklari va Federatsiya bilan birgalikda:
ikki hafta muddatda aniq yer uchastkalari va bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlari hududida bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablarini tashkil etish, shuningdek, tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablarini tashkil etish istagini bildirgan tadbirkorlik sub'yektlariga topshirish uchun ularning ro‘yxatini shakllantiradi;















