Professional futbol ligasi 2019 yilgi mamlakat chempionati bahslari 8 martdan boshlanishini e'lon qildi. Yangi chempionatga qur'a tashlash marosimi esa 25 fevralda o‘tkaziladigan bo‘ldi.

PFL va O‘FAning faoliyati ko‘p tanqid qilindi. Foydasi bo‘lmagach, OAVning ham toqati toq bo‘ldi va bugun futbol mulozimlari ko‘p ham tanqid qilinmayapti. Lekin PFL hech bo‘lmasa aytgan gapini o‘z vaqtida bajarmagani tashkilot nomini yana achchiq so‘zlar bilan tilga olishga majbur qilmoqda.

PFL chempionatning yangi mavsumi 1 martda boshlanishini aytgandi, lekin 18 fevral kuni tashkilot chempionat 8 martdan boshlanishini ma'lum qildi. Yangi mavsumga qur'a tashlash marosimi esa 25 fevral kuni o‘tkaziladi. Bir qarashda chempionat boshlanishi bir hafta kechga surilishi fojia emas, lekin professional tashkilotning bunday ish tutishi uning statusiga salbiy ta'sir qiladi. Keling, shu o‘rinda PFLning oxirgi vaqtlarda qilayotgan yana boshqa professionallikdan yiroq harakatlarini sanab o‘tsak.

O‘zbek futbolidagi islohotlardan so‘ng bir narsa odat tusiga kirdi: tartibsizlik. Chempionat taqvimi e'lon qilinadi, lekin u taqvimni mavsum avvalida devorga urib qo‘yishdan mantiq yo‘q. Chunki taqvim albatta mavsum davomida bir necha o‘n marta o‘zgaradi. Birinchi Liga haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Darvoqe, endilikda uni Pro-Liga deymiz. Pro-Liga degani professionallar ligasi degani. Ammo bu ligadagi jamoalar mehmondagi o‘yinlarga shifokor va hatto zaxira darvozabonlarisiz yo‘l olishadi. Chunki yo‘l xarajatlari og‘irlik qiladi.

Ba'zan Pro-Liga jamoalari safardagi o‘yinlarga bormaganliklari uchun ularga texnik mag‘lubiyat ham yozib turiladi. Pro-Liganing «B» guruhida esa ahvol undan ham achinarli. Stadionlarning ahvoliga qarab bo‘lmaydi, ba'zan zaxira futbolchisi bo‘lmagani sabab jamoalar jarohatlangan futbolchilar o‘rniga boshqasini ham tushira olishmaydi. Pro-Liganing quyi qismidagi jamoalar futbolchilariga maosh berishi ham dargumon. Mana shunday allambalo jamoalar o‘ynaydigan chempionat qanaqasiga Pro-Liga bo‘lsin? Chempionatning nomini super deb qo‘ygan bilan ish bitsa, biz allaqachon chindan ham super chempionatga ega bo‘lardik.

Biroq hozircha bizning chempionatning faqat nomigina super. Mavzudan uzoqlashib ketdik, a? Demak 18 fevraldagi bayonot haqida. Unda aytilishicha, yangi mavsum uchun qur'a 25 fevral kuni tashlanadi. Bu kuni qur'a tashlashning o‘zi bo‘lsa ham mayli edi, o‘sha kuni yangi mavsumda qatnashadigan jamoalar soni aniq bo‘ladi! Tasavvur qilyapsizmi, 8 mart kuni boshlanadigan chempionatda qaysi jamoalar qatnashishi 25 fevral kuni aniq bo‘ladi. Kelasi mavsumda chempionatda qaysi jamoa qatnashish-qatnashmasligi o‘tgan mavsum yakunida aniq bo‘lishi kerak emasmi? Yo‘q, bizning futboldagi islohotchilar boshqalarga o‘xshashni xohlamaydilar va shu sabab har qanday qoidalarni indamay buzaveradilar.