Jamiyat | 12:02 / 20.02.2019
36325
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda maktabda o‘qiydigan o‘g‘lini 20 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ona qo‘lga olindi

Surxondaryoda maktab o‘quvchisi bo‘lgan o‘g‘lini tanishiga sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda Kun.uz’ga Surxondaryo viloyati IIB Matbuot xizmati ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2019 yilning 1 fevral kuni Surxondaryo viloyati IIB UJQKBga Termiz shahrida yashovchi N.N. tomonidan ariza kelib tushgan, u o‘z arizasida 2019 yilning yanvar oyi o‘rtalarida Termiz shahrida shu shaharda yashovchi Z.J ismli ayol bilan tanishib qolgani, bu ayol maktabda 2-sinf o‘quvchisi bo‘lgan «Arslonbek» ismli (shartli ism) o‘g‘lini 25 million so‘mga sotish maqsadida yurganini aytgan.

2 fevral kuni viloyat IIB JQB UJQKB xodimlari ushbu ma'lumot yuzasidan Termiz tumani «A.Navoiy» mahallasi hududida tezkor tadbir uyushtirishgan. Tadbir davomida Z.J o‘z o‘g‘lini N.N.ga 20 million so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Z.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 135-moddasi, 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid