Jahon | 15:14 / 21.02.2019
87686
3 daqiqa o‘qiladi

«Bizning qurollar qayergacha yetib borishini o‘lchab, keyin harakat qilishsin» – Putin AQSh agressiyasi haqida keskin gapirdi

© RIA Novosti / Aleksey Filippov

20 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat federal yig‘inga murojaat qildi. 15-marta amalga oshirilgan bu murojaatda Putin ko‘plab masalalar borasida keskin gaplarni gapirdi. Xususan, uning AQSh agressiyasi haqida aytgan gaplari e'tiborga molik bo‘ldi.

Putin AQShning o‘rta va yaqin masofalarga mo‘ljallangan raketalarni joylashtirmaslik bo‘yicha kelishuvni (1987 yil Vashingtonda SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov hamda AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan tomonidan imzolangan) qo‘pol tarzda buzayotganini ta'kidladi.

Putinning aytishicha, AQSh o‘rta masofalarga mo‘ljallangan raketalarni ishlab chiqishda davom etmoqda: «AQSh o‘rta masofalarga mo‘ljallangan raketalarni tayyorlab, Ruminiya va Polshada bunday raketalarni uchirish uchun mo‘ljallangan qurilmalarni joylashtirish bilan o‘rtadagi kelishuvni qo‘pol tarzda buzmoqda».

«Rossiya bunday turdagi raketalarni Yevropada joylashtirishni rejalashtirmayapti, yana bir bor ta'kidlayman, rejalashtirmayapti (!). Lekin Yevropada bunday turdagi raketalar bizga qaratib joylashtirilsa, AQShda esa bunday rejalar bor, biz javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lamiz. Takrorlayman, majbur bo‘lamiz (!). Chunki buni Rossiyaga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid deb bilamiz. Bunday turdagi raketalarning ba'zi turlari 10-12 daqiqa ichida Rossiyagacha yetib kelishi mumkin.

Bir narsaga hayronman. Yevropani shunday katta xavf ostonasiga olib kelib qo‘yishning nima keragi bor edi? Shaxsan men bu uchun hech qanday asos ko‘rmayapman. Takrorlayman, bu bizning tanlovimiz emas, hammasi bunday murakkablashib ketishini biz xohlamayapmiz.

Umid qilamanki, ular hisoblashni bilishadi. Aftidan, bilishsa kerak. Buni bejizga aytmayapman. Ular bizga tahdid qilishdan avval qurollarimiz qayergacha yetib borishi mumkinligini hisoblab chiqishsin. Biz shubhasiz o‘z xavfsizligimizni ta'minlaymiz»,- deydi Putin.

Siyosatchining bu so‘zlari yig‘in ishtirokchilari tomonidan gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.

© RIA Novosti / Aleksey Filippov

Putin murojaati davomida yig‘ilganlarga yangi masofaviy raketani ham tanishtirdi. U oldingi murojaatida asta-sekin bu boradagi yangiliklar bilan tanishtirib borishini aytgandi: «Endi sizlarga asta-sekin bisotimizda nima borligi haqida ma'lumot berib boramiz. Bugun sizlarga giperovozli «Tsirkon» raketasini rasman tanishtirmoqchiman. Bu borada ishlar muvaffaqiyatli davom etmoqda».

© RIA Novosti

Ma'lum bo‘lishicha, bunday raketalar ming kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonni yo‘q qila oladi va tezligi 9 maxga yetishi mumkin (max – yuqori tezlikdagi texnikalar tezligini hisoblash uchun o‘lchov birligi. O‘lchov uning asoschisi Ernst Max nomiga qo‘yilgan). Undan quruqlikda va dengiz operatsiyalarida foydalanish mumkin.

Mavzuga oid