Jahon | 10:28 / 21.02.2019
16933
2 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon TV orqali prezidentni madh qiluvchi kliplar namoyishini to‘xtatish haqida topshiriq berdi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Dushanbeda davlat ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda davlat telekanallari, radiolar, gazetalar rahbarlari, jurnalistlar, texnik xodimlar ishtirok etdi, deb xabar beradi «Avesta».

Uchrashuv maqsadi - ommaviy axborot vositalarining zamonaviy jamiyatdagi faoliyatini davlat va hukumat siyosatini targ‘ib qilishning asosiy dastagi sifatida tahlil qilish, shuningdek, tele va radiodasturlar, gazetadagi maqolalar sifatini muhokama etish.

Mamlakat prezidentining uchrashuv davomida ta'kidlashicha, dasturlar va ko‘rsatuvlar sifatini unutmagan holda, zamonaviy vaziyatni hisobga olib axborotni tezkor ravishda yetkazib berish zarur.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, davlat ommaviy axborot vositalaridagi barcha dasturlar va ko‘rsatuvlar tojik adabiy tili me'yorlariga muvofiq holda, milliy hamda davlat manfaatlarini hisobga olgan holda tayyorlanishi kerak.

Imomali Rahmon sifatli va tahlilga boy teleko‘rsatuvlar, radiodasturlar hamda gazeta maqolalarini yaratishga chaqirdi. Shu bilan birga, u mamlakat aholisini davlat telekanallari bilan qamrab olishga aloqador vaziyatdan tashvishda ekanini bildirdi.

Bugungi kunda «Tochikiston» telekanali mamlakatning 99% hududini, «Safina» TV - 84%, «Bahoriston» - 84, «Jahonnamo» - 75%ni qamrab oladi.

Shu munosabat bilan Imomali Rahmon prezident ijro apparati rahbari Ozoda Rahmonga vakolatli komissiya tuzish va mamlakatda TV kanallar bilan qamrab olinishni monitoring qilish haqida topshiriq berdi.

Imomali Rahmon davlat TVda prezidentni madh qiluvchi musiqiy kliplar namoyish etilayotganidan tashvish bildirgan hamda Tojikiston hukumati qoshidagi Televideniye va radio qo‘mitasi rahbariyatiga buning o‘rniga ishchilar, erishilgan yutuqlar, mamlakat tabiati haqida ko‘rsatuvlar berishni tavsiya qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid