Kun.uz sayti muxbiri Toshkent shahri hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi raisi, tadbirkor Hikmat Abdurahmonov bilan suhbat qurdi. Suhbat davomida Hikmat Abdurahmonov hokimlik qoshidagi Jamoatchilik kengashining vazifalari, poytaxtdagi muammoli masalalar – daraxtlarning noqonuniy kesilishi va uylarning ogohlantirishsiz buzilishi, shuningdek, propiska hamda investitsiyalar kiritilishi kabi masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
Jamoatchilik kengashining vazifalari nima va 2018 yilda nimalar qila oldi?
Ma'lumot uchun, Toshkent shahri hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi 2018 yilning iyun oyida tashkil etilgan. Hikmat Abdurahmonov Jamoatchilik kengashi faoliyati va uning vazifalariga to‘xtaldi.
«Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida 2018 yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilingandi.
O‘tgan yilning may oylarida Toshkent shahar hokimligi jamoasidan menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Jahongir Obidovichning shahar hokimi lavozimiga tayinlanishidan ko‘p o‘tmay bir taklif bo‘ldi. Jamoatchilik kengashi tuzilganiga ham 7-8 oy bo‘lib qoldi. Bu tuzilma mustaqil O‘zbekiston uchun ham, Toshkent uchun ham yangilik.
2018 yilda faoliyatimizning asosiy qismida biz institutsional shakllanish borasida ish olib bordik. Bugun Jamoatchilik kengashining 13 yo‘nalishda ekspertlik guruhlari bor.

Ular bilan birgalikda «Toshkent-2025» konsepsiyasini yozishni boshladik.
Ushbu konsepsiyamiz bo‘yicha biz 2019 yilda ko‘proq amaliy ishlar qilishimiz mumkin bo‘ladi. 2018 yilda esa turli yo‘nalishlarda 45ta loyihani amalga oshirdik va ularning ko‘plari davom etmoqda.
Xususan, biz 2018 yilda TOP-500 - faol tadbirkorlar va investorlar forumi, «Shaharga o‘rindiq hadya eting» tashabbusini amalga oshirish, «Chilla Fest» yozgi shahar ommaviy sayli, bir haftalik «Do‘stlik» sayli konsepsiyasi tuzish va uni tashkillashtirishda Jamoatchilik kengashi mutaxassislarining bevosita ishtiroki, «Sietl» parkini tiklash, Yunusobod tumanidagi ko‘p qavatli turarjoy binosining tashqi qismini qayta tiklash, istirohat bog‘lari va boshqa jamoat joylarida o‘tkaziladigan «Open art-space» sayli konsepsiyasini ishlab chiqish, Toshkent shahrining brendini yaratish uchun tanlov tashkil etish kabi ishlarni amalga oshirdik. Jamoatchilik kengashining faoliyati va yillik hisoboti bilan gorod.uz sayti orqali tanishish mumkin», deydi Hikmat Abdurahmonov.

















