Har bir shahar yo tumanning obodligi, osoyishtaligi mahalladan boshlanadi. Ayniqsa, mahallalarda aholi tinchligini saqlash, ularning osoyishta hayot kechirishini ta'minlash doimo ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Qachonki, mahallada xavfsizlik, sog‘lom turmush tarzi ta'minlansa, aholisi ham xotirjam yashaydi. Aksincha, mahalla aholisini qandaydir hadik qiynasa, ular doimiy xavotirda, farzandlari xavfsizligidan qayg‘urib yashasa-chi?
Kun.uz tahririyatiga murojaat yo‘llagan Navoiy shahridagi «Binokor» mahallasi aholisi bir necha yillardan buyon ana shunday hadikda yashayotganini ma'lum qilgan.
Ma'lum bo‘lishicha, mahalladagi aholi xonadonlari orasida Navoiy viloyati narkologiya dispanseriga qarashli «Mastlik holatini aniqlash xonasi» va «Mast holdagi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya punkti» joylashgan.

Mazkur maskanlarga haydovchilar spirtli ichimlik iste'mol qilganini aniqlash uchun, mast fuqarolar esa ularga tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun olib kelinadi.
«Mast holdagi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya punktiga olib kelingan fuqarolar bir necha soat o‘tib shu yerdan qo‘yib yuboriladi. Ayrimlari mahalla hududining har joyida yotib olishadi. Bundaylarning mahalla hududidan qachon va qanday holatda chiqib ketishi aniq emas. Axir, bu punkt uyimiz qarshisida joylashgan. Mahalla aholisi farzandlari xavfsizligidan doim xavotirda yashaydi. Qolaversa, farzandlarimiz ko‘cha-ko‘yda yurganda bunday shaxslarni turli holatlarda ko‘radi. Bu farzandlarimiz tarbiyasiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Ular ham doim qo‘rquvda yuradi. Mahalla aholisi farzandlari ko‘chaga chiqarishga qo‘rqadi. Bu muammo bizni bir necha yillardan buyon qiynab keladi. Avval ham hokimliklar va mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilganmiz. Ammo masala ijobiy yechim topmayapti», – deydi mahallada istiqomat qiluvchi Nazira Rahimova.
Mahalla aholisi bizga ushbu holat aks etgan suratlarni ham taqdim etdi. Suratda mazkur maskanlar atrofida va mahalla hududida mast holdagi shaxslarning yotib olganini ko‘rish mumkin.


Ushbu masala yuzasidan «Binokor» mahallasi raisi Jobir Mirzayev ham o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.
«Bu yerga ichki ishlar xodimlari tomonidan mast holatdagi shaxslar olib kelinadi. Shu yerning o‘zida turli nizolar kelib chiqadi. Ayniqsa, tunda. Mast holdagi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya punktidan qo‘yib yuborilgan shaxslar bir-birlari bilan o‘zaro janjallashadi. Baqir-chaqirdan mahalla aholisiga tinchlik yo‘q. Bu maskanlarni mahalla hududidan ko‘chirish borasida hokimiyat vakillariga bir necha bor murojaat qilganmiz. Ammo biror foydasi bo‘lgani yo‘q», – deydi mahalla raisi.




















