Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjatda qayd etilishicha:
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi viloyatlar, shaharlar va tumanlarda tashkil etilgan 102 ta “Ta'mirlash-tiklash xizmati” DUKlar faoliyati sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan, 2018 yilda ularning kuchi bilan 215,0 mlrd. so‘mdan ortiq ish hajmi bajarilgan hamda ularning moddiy-texnika bazasi yanada kuchaygan;
2018 yildan boshlab “Ta'mirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalari tomonidan barcha hududlarda ko‘p xonadonli uy-joy fondining kapital va joriy ta'mirlash hamda tutash hududlarni obodonlashtirish ishlari sifatli va o‘z vaqtida bajarilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari huzuridagi “Ta'mirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalarining faoliyatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank, respublika tijorat banklari bilan birgalikda:
2019 yil 1 martdan boshlab ajratilgan kredit mablag‘lari va majburiy badallar hisobidan ko‘p xonadonli uy-joy fondini joriy va mukammal ta'mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish (uy-joylarga texnik xizmat ko‘rsatish, hududini saqlash, kunu-tun ishlaydigan dispetcherlik xizmatini tashkil etish) bo‘yicha ishlar tegishli xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, professional boshqaruv kompaniyalari bilan shartnoma tuzgan holda “Ta'mirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalari tomonidan amalga oshirilishi choralari ko‘riladi;
ko‘p qavatli uy-joylarni kapital va joriy ta'mirlash ishlarini keskin arzonlashtirish, zamonaviy qurilish materiallarni jalb etish va qurilish ishlari sifatini keskin oshirish maqsadida tijorat banklar tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlar faqatgina “Ta'mirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalari bilan shartnoma tuzgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga ajratish mexanizmi joriy etiladi.

















