Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi raisi Hikmat Abdurahmonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shaharda daraxtlarning noqonuniy kesilishi va ogohlantirishsiz buzilayotgan uylar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Hikmat Abdurahmonov poytaxtning turli tumanlarida daraxtlar kesilishi masalasi to‘g‘risida shunday deydi: «Biz bu masalalarga tizimli yondashishga harakat qilmoqdamiz. O‘tgan yil yozida ijtimoiy tarmoqlarda juda ham katta muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Yoz vaqtida, ob-havo yaxshi paytda asosiy obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, keng muhokamalar kechdi. Toshkent shahrining ba'zi tumanlarida daraxtlarning noqonuniy kesilishi faktlari tasdiqlandi. Bu bo‘yicha biz Toshkent shahar hokimi bilan bir necha marta suhbatlashganmiz.
Xususan, bu masala yuzasidan Toshkent shahar hokimi, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi va shahar faollarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvlar natijasida tizimda umumiy reglament yo‘qligini sezdik.
Misol uchun, qurilish yoki obodonlashtirish ishlari sababli daraxtlarni ma'lum bir shaklga keltirish qoidalari tasdiqlanmagani, obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining bir-birini tushunmasligi, yagona reglament yo‘qligi ko‘zga tashlanardi. Bu masalaga sub'yektiv yondashilmoqda.
Ikkinchidan, daraxtlarni kesganlik uchun belgilangan jarimalari miqdori pastligini aniqladik. Masalan, daraxtlarning norasmiy bozordagi narxi, uning jarimasidan ancha yuqoriligini bildik.
Daraxtlarning kesilishi bo‘yicha «Mening fikrim» portalida ham fikrlar ilgari surilgandi. Masala Oliy Majlisga ham olib chiqildi. Menimcha, ushbu masala yana ko‘rib chiqilishi shart.
Uchinchidan, mas'ul tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlari ham aniq emasligini ko‘rdik. Ya'ni, bu Toshkent shahar hokimiyati bo‘ladimi, tumanlar hokimiyati bo‘ladimi yoki shahar ekologiya boshqarmasi, bioinspeksiya xizmati bo‘ladimi, bundan tashqari, obodonlashtirish boshqarmalari orasida o‘zaro tizim aniq shakllantirilmagan. Biror muammo bo‘lsa, qaysi biri hal qilishi bo‘yicha aniq reglament ishlab chiqilmaganiga guvoh bo‘ldik.
















