Prezidentning «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi Farmonidan keyin noqonuniy qurilgan uy-joylarga belgilangan tartibda mulk huquqi berilmoqda.

Farmon asosida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi va «Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish tartibi to‘g‘risida» Nizom tasdiqlandi.

Mazkur nizom talablariga to‘g‘ri kelmaydigan uy-joylarga mulk huquqi e'tirof etilmaydi.

Ushbu jarayonda ayrim holatlarda noqonuniy qurilgan uy-joyga mulk huquqi berilishini so‘ragan ayrim fuqarolar va hokimliklar huzurida tuzilgan komissiyalar o‘rtasida ayrim tushunmovchiliklar, nizolar kelib chiqmoqda.

Kun.uz tahririyatiga Buxoro viloyati Jondor tumanidagi «Chorzona» mahallasida istiqomat qiluvchi Pahlavon Karimovdan kelgan murojaat aynan shu mazmunda.

Murojaatda P.Karimov 2017 yilda qurgan uyiga mulk huquqi berilmayotgani, bunga Jondor tumani hokimligi mutasaddilari to‘sqinlik qilayotganini bayon etgan.

Ushbu murojaat joyida o‘rganildi.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, P.Karimov «Chorzona» mahallasi hududidagi o‘zboshimchalik bilan qurilgan uyiga mulk huquqini e'tirof etishni so‘rab, tuman hokimiyati huzuridagi komissiyaga murojaat qilgan.

Mazkur ariza tegishli tartibda o‘rganib chiqiladi va ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e'tirof etish tuman komissiyasi dalolatnomasiga asosan tuman hokimining 2018 yil 29 oktyabrdagi 1757-sonli qarori bilan P.Karimovga yuqoridagi nizom asosida mulkka umrbod egalik qilish huquqi beriladi. Turar joy uchun kadastr hujjatlari ham rasmiylashtiriladi.

Ammo ushbu qaror tuman hokimining 2018 yil 13 noyabrdagi 1827-sonli qarori bilan bekor qilinadi.

«Biz barcha zarur hujjatlarni taqdim etganimizdan keyin mulk huquqi berildi. Ammo bir necha kundan keyin tuman hokimi qarori bilan bekor qilindi. Hech narsaga tushunolmay qoldik. Bizga bu masalada yordam berishingizni so‘raymiz», – deydi murojaatchi.