Qariyb bir oydan buyon Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va boshqa mutasaddi idoralar vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi joylarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami sifatini oshirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, o‘rganishlar jarayonida sohada uchrayotgan ko‘plab muammolar ham aniqlanib, ularni tizimli ravishda hal etish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, ana shunday masalalardan biri chekka, shifoxonalardan olisda joylashgan aholi punktlarida yashovchi fuqarolarning tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati bilan bog‘liq.

Tahlillar bunday aholi punktlarida fuqarolar oddiygina masalalar — shifokorning bir og‘iz maslahatiyu arzimas yordami bilan o‘z yechimini topadigan holatlarda ham huda-behuda “Tez yordam”ni chaqirishini ko‘rsatmoqda.

Ana shuni e'tiborga olgan holda, aholi bilan muloqotlar chog‘ida kelib tushayotgan takliflar asosida parlament quyi palatasi deputatlar aniqlangan muammolarni hal qilishga qaratilgan ko‘plab tashabbuslar qatorida ushbu masalaning yechimini topishda amaliy ishga qo‘l urdilar.

Aholining sog‘lom turmush tarzini, jismoniy faolligini oshirish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va tibbiy profilaktika o‘tkazish sifatini yaxshilash, fuqarolarning sanitariya-gigiyenik madaniyatini yuksaltirish borasida yurtdoshlarimizning takliflarini inobatga olgan holda, Xatirchi tumanida “tibbiyot posbonlari” faoliyati tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ma'lumki, hozirda qariyb barcha qishloq yoki mahallada pensiyadagi, ko‘p yillik tajribaga ega shifokorlar yashaydi. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y azaldan ularga murojaat etib keladi.

Ishlab chiqilgan tegishli nizomga ko‘ra, endi “tibbiyot posbonlari”, ya'ni pensiyadagi oliy ma'lumotli shifokorlar, shuningdek, tibbiyot muassasalarida ishlab turgan shifokorlar bo‘sh vaqtida o‘zlari yashaydigan hududlarda aholiga ularning murojaatlari asosida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, tibbiy profilaktika o‘tkazadigan bo‘lmoqda. Albatta, bu ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.

Bunda tuman tibbiyot birlashmasi tegishli qishloq oilaviy poliklinikalari (QOP), qishloq vrachlik punktlarining (QVP) tavsiyasiga ko‘ra, hududda yashaydigan “tibbiyot posbonlari” ro‘yxatini Xalq deputatlari tuman Kengashiga tasdiqlash uchun kiritadi. “Tibbiyot posbonlari” haqidagi ma'lumotlar aholiga tanishtirish uchun tegishli fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarga va ta'lim muassasalariga yuboriladi. Ular istiqomat qiladigan xonadonlar eshigiga esa «Ushbu xonadonda shifokor istiqomat qiladi» degan ma'lumot yozib qo‘yiladi. Ularga tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tegishli guvohnoma berilishi ham mumkin.