Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik sub'yektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma obektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Nizom talablari qishloq xo‘jaligini yuritish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyojlar uchun hamda loyihalarni erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiradigan investorlar uchun berilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Yengil konstruksiyali infratuzilma obektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurishga yer uchastkalari faqat ushbu qurilishni amalga oshirishga talabgor bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarining yer uchastkalari doirasida hamda yer ijarasi shartnomasida belgilangan muddatga ajratiladi.

Tadbirkorlik sub'yektlariga ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquq bekor bo‘lganda yengil konstruksiyali infratuzilma obektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquq ham bir vaqtning o‘zida bekor bo‘ladi.

Tadbirkorlik sub'yektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma obektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer ajratish sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik sub'yekti yer uchastkasiga yengil konstruksiyali obektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun arizani shaxsan yoki pochta aloqasi vositasi orqali tuman (shahar) hokimliklariga beradi (yuboradi).

O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali berilgan arizalar tuman (shahar) hokimliklariga avtomatik ravishda yuboriladi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

tadbirkorlik sub'yekti davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;

yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.

Tadbirkorlik sub'yektidan ushbu bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni va boshqa ma'lumotlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tuman (shahar) hokimligi tushgan arizani bir ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi va ularda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda ariza hamda tegishli hujjatlarni shu kunning o‘zida ijrochiga yuboradi.