Kolumbiyaga «Lima guruhi» sammitida ishtirok etish uchun kelgan AQSh vitse-prezidenti Maykl Pens Venesuela parlamenti rahbari, o‘zini muvaqqat prezident sifatida e'lon qilgan Xuan Guaydo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv chog‘ida u AQSh Nikolas Maduro hukumatiga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etishini ma'lum qildi. Bungacha rasmiy Vashington Venesuela mojarosi hal etilishi uchun harbiy aralashuv bo‘lishini istisno etmagandi, Guaydoni yangi prezident sifatida tan olgan Yevropa Ittifoqi davlatlari esa diplomatik yechim taklif qilishmoqda.
Pens va Guaydoning muloqoti «Lima guruhi»ning (bu tashkilot 2017 yil avgustida Venesueladagi siyosiy inqirozni hal qilish maqsadida tuzilgan. Uning tarkibiga Kanada, Braziliya, Chili, Kolumbiya, Argentina, Meksika va Amerikaning boshqa davlatlari kirgan) Venesueladagi oxirgi voqealarga bag‘ishlangan shoshilinch sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi.
Venesueladagi namoyishlar yetakchisi AQShning ikkinchi raqamli odami bilan uchrashgani Vashington Karakasdagi muxolifatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Guaydo Pens bilan uchrashuvda «diplomatik harakatlar va hamkorlik» masalasi muhokama qilinganini aytdi.
«Hozircha dunyo voqealar rivojini jim kuzatmoqda, Karakasdagi tiran bu jimlikdan raqs tushmoqda, uning malaylari tinch aholi vakillarini o‘ldirishda davom etishmoqda va venesuelaliklar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqatlar hamda dori-darmonlar ortilgan yuk mashinalariga o‘t qo‘yishmoqda», degan Pens Bogotadagi chiqishi vaqtida tiran deb Venesuelaning amaldagi prezidenti Nikolas Maduroni nazarda tutgan holda. Vitse-prezident shuningdek rasmiy Vashington mintaqa aholisiga yordam uchun 56 million dollar mablag‘ ajratganini ma'lum qilgan.
U shuningdek, yaqin vaqtlar ichida Vashington Maduro rejimiga qarshi yangi sanksiyalar e'lon qilishini bildirgan.
«Lima guruhi» vakillariga yuzlanar ekan, Pens Nikolas Maduro hukumatini qo‘llab-quvvatlovchilar yakkalantirib qo‘yilishidan ogohlantirgan: «Agar bu rejimni qo‘llab-quvvatlashda davom etar ekansiz, bu sizning mamlakatingiz xalqaro maydonda izolyatsiya qilinishiga olib keladi».
Pens — Venesueladagi voqealarda muhim amerikalik siyosatchidir. U yanvar oyi boshida venesuelalik qochqinlar bilan uchrashish uchun Floridaga tashrif buyurgandi. Uchrashuv shtat janubi-sharqidagi Mayami shahrining diniy markazlaridan birida (bu keyingi 20 yil davomida, Ugo Chaves rejimidan qochib Venesueladan keluvchi mehnat muhojirlari uchun dastlabki qo‘nalg‘a vazifasini o‘taydi) tashkil etilgandi.
Uning AQSh tomonidan tan olingan Xuan Guaydo bilan uchrashuvi Kolumbiya prezidenti bilan muzokaralardan keyinoq tashkil etildi. Venesuela bilan chegaradosh bo‘lgan Kolumbiya keyingi vaqtlarda Venesuela muxolifati yetakchilari uchun boshpanaga aylangan. Yaqindagina Venesuela bilan chegaradagi shaharlarda venesuelaliklarga yordam uchun xayriya konsertlari tashkil etilgandi.

















